Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2023-yil 20-dekabrdagi 565-sonli buyrugʻiga 37-ilovada tasdiqlangan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari (ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan muassasalar) xodimlarining lavozim majburiyatlariga asosan oʻqituvchining navbatchilik qilish majburiyati keltirilmagan.
Demak, bu holatda ish beruvchi xodimga bu majburiyatni yuklashi huquqiy jihatdan asosga ega emas.
Mehnat kodeksi 115-moddasiga koʻra ish beruvchi xodimdan quyidagilarni talab qilishga haqli emas:
– agar ushbu Kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoidalar belgilanmagan boʻlsa, mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilmagan ishni bajarishni;
– qonunga xilof boʻlgan, xodimning yoki boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, ularning shaʼni, qadr-qimmati hamda ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishni.
Bunda ish beruvchi oʻqituvchilarga ularning mehnat vazifasidan boshqa ishni buyurishi qonunan taqiqlanadi.
Shuningdek, 2024-yil 1-fevraldagi O‘RQ-901-son hujjatning 5-moddasiga ko’ra, pedagogni uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, lekin siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarga (saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlarida ishtirok etishga, test sinovlarida auditoriya nazoratchisi vazifasini bajarish, aholini ro‘yxatga olish ishlarida ko‘maklashishga, ta’lim tashkilotlarini tekshirish hamda attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlarida ekspert sifatida ishtirok etishga va boshqalarga) jalb qilish uning roziligiga ko‘ra, u bilan tuzilgan shartnomaga asosan, qo‘shimcha haq to‘lash evaziga, ishdan bo‘sh vaqtida yoki ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlangan holda amalga oshiriladi.
Bunday vaziyatlarda ish beruvchiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 49-moddasi bilan (yaʼni mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish) bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
