Daniyada deyarli barcha siyosiy partiyalar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida mobil telefonlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
DR nashrining yozishicha, yangi tartib 2026/27-o‘quv yilidan kuchga kirishi mumkin. Mazkur qaror mamlakat bo‘ylab barcha boshlang‘ich maktablarda tatbiq etilib, u o‘quvchilarning dars jarayonida chalg‘imasligini va ta’lim samaradorligini oshirishni ko‘zlaydi.
Yangi qoida shuni nazarda tutadiki, kichik sinf o‘quvchilari telefonlardan nafaqat dars vaqtida, balki asosiy mashg‘ulotlardan keyin ham foydalana olmaydi. Bu cheklov maktab planshetlari va kompyuterlaridan tashqari, internetga ulanadigan barcha portativ qurilmalar (mobil telefonlar, planshetlar, noutbuklar, elektron kitob o‘quvchi qurilmalar, smart-soatlar, o‘yin konsollari, audio player) ni qamrab oladi.
Shu orqali maktablarda bolalar orasida telefonga qaramlikni kamaytirish, ularning e’tiborini kitob, daftar va o‘qituvchi bilan muloqot kabi an’anaviy ta’lim vositalariga qaratish maqsad qilgan.
Shu bilan birga, ayrim o‘quvchilar uchun istisnolar belgilangan. Masalan, sog‘lig‘i tufayli maxsus ilovadan foydalanadigan bolalar yoki o‘qish jarayonida zarur bo‘lgan dasturlarga ehtiyoj sezadiganlar telefonidan foydalanishda davom etishi mumkin.
Qaror doirasida maktablarga alohida majburiyatlar ham yuklanmoqda. Endilikda ular o‘z Wi-Fi tarmoqlari orqali o‘quvchilarga ijtimoiy tarmoqlar, onlayn-do‘konlar, striming va o‘yin servislaridan tashqari, onlayn-kazino va kattalar uchun mo‘ljallangan sahifalarga kirishni taqiqlaydi. Shu tariqa nafaqat dars jarayonida, balki tanaffus va bo‘sh vaqtlarida ham bolalarning zararli kontentga duch kelishining oldi olinadi.
Biroq aksariyat maktablarda allaqachon telefonlardan ko‘ngilochar maqsadlarda foydalanishni cheklovchi qoidalar mavjud. Yangi tartib esa ushbu choralarni yanada qat’iylashtirib, maktablarda intizom va o‘quv jarayonining samaradorligini oshirishni maqsad qilmoqda.
