Prezident o‘qituvchilarga yo‘llagan tabrik nutqida ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lum qildi.
So‘nggi sakkiz yil ichida ta’lim va ilm-fan uchun xarajatlar olti barobar oshib, 378 trillion so‘mni tashkil etdi. Shu davrda yuzlab yangi bog‘chalar, maktab, texnikum va oliygohlar barpo etildi, mavjudlari zamonaviy talablar asosida jihozlandi.
Maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, bog‘chalar soni 5200 tadan 38 mingtaga yetdi. Tarbiyachilar oyligi maktab o‘qituvchilarining maoshiga tenglashtirildi. Kelgusi yildan Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlarda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Maktab ta’limida esa 12 yillik tizim joriy qilinadi. 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari o‘tkazilib, ularning natijasi orqali texnikum va oliygohlarga bevosita kirish imkoniyati yaratiladi.
Kasb-hunar ta’limi ham islohotlar markazida. Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy va Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikda xalqaro dasturlar yo‘lga qo‘yiladi. Dual ta’lim qamrovi 5 barobar oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 202 taga, talabalar soni esa 250 mingdan 1,5 millionga yetdi. O‘qituvchilarning oyligi sezilarli darajada oshirildi, ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlar faoliyati alohida e’tirof etildi.
