Hukumatning 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga ko’ra, majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydigan pedagoglar oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari toifa sinovlaridan oʻtishlari mumkin.
Nizomning 4-bandiga ko’ra, pedagog kadrlar har besh yilda bir marta navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi. Ilgari attestatsiyadan o‘tmagan ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlar yoki oliy ta’lim tashkilotlarini bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagog kadrlar kasbiy faoliyatiga uch yil to‘lgandan so‘ng navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi (magistraturani tugatganlar bundan mustasno).
Pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.
Navbatdagi majburiy attestatsiya natijalariga ko‘ra, amaldagi malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan, saqlangan yoki tushirilgan, shuningdek, navbatdan tashqari attestatsiya natijalariga ko‘ra amaldagi malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan yoki saqlangan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga besh yildan so‘ng jalb etiladi.
Pedagog kadrlarning majburiy attestatsiyaga o‘z muddatida jalb etilishi uchun pedagog kadr faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim tashkilotining rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi. Navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tishlari mumkin.
Navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlarning amaldagi malaka toifalari (lavozimlari) saqlanib qoladi hamda ularga ta’lim tashkilotlarida ishlagan davrida mazkur malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi.
O‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, malaka toifasini (lavozimini) oshirgan yoki saqlab qolgan pedagog kadrlarga oshirilgan yoki saqlab qolingan malaka toifasi (lavozim) bo‘yicha haq to‘lanadi.
O‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagog kadrlarning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ularga navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashishdan oldin amalda bo‘lgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi.
