Davlat komissiyasi bayoniga ko‘ra, joriy yil uchun Oʻzbekistondagi xorijiy yoki nodavlat OTMlarga kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan, Qoraqalpog‘istonda doimiy yashovchi hamda u yerdagi maktab, kollej yoki texnikumni tugatgan yoshlar uchun 200 ta maqsadli grant o‘rni ajratildi.
Ushbu grant uchun 29-sentyabrdan 6-oktyabrga qadar (shu kuni ham) roʻyxatdan oʻtish my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar uchun 2025-yil 12-oktyabrga qadar test sinovlari oʻtkaziladi.
So‘ng test sinovlari natijasiga koʻra, abituriyentlarning toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda maqsadli qabul parametrlari doirasida tanlov natijalari belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun 2025-yil 17-oktyabrga qadar oliy taʼlim tashkilotlariga yetkaziladi.
Ro‘yxatdan o‘tishda PQ–4319 qaroriga muvofiq belgilangan miqdorda (206 000 so‘m) to‘lov undiriladi.
Ta’lim eksperti Zafarshoh Amirqulovning yozishicha, bu imkoniyat asosida maqsadli grantga qabul qilingan talabalar oliygohni tamomlagach, o‘z hududida 3 yil ishlab berishi shart. Shu bo‘yicha 4 tomonlama shartnoma tuziladi.
