Ijtimoiy tarmoqlarda Uchko‘prik tuman hokimi maktab binosini o‘zlashtirganligi haqida xabar tarqaldi. Unda Uchko‘prik tumanidagi 38-maktab ikkita binoda faoliyat yuritgani, yangi bino qurilgach, eski bino bo‘sh qolgan, keyinchalik o‘quvchilar soni ko‘paygach boshlang‘ich sinflar qayta shu binoga joylashtirilgani, biroq tuman hokimi uni “bo‘sh bino” sifatida rasmiylashtirib, ta’lim olayotgan o‘quvchilarni sinf xonalarsiz qoldirgani aytilgan.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Uchko‘prik tumani Yulg‘unzor MFY hududidagi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabining asosiy binosi 2007-yilda qurilgan bo‘lib, 315 o‘rinli. Unda 305 nafar o‘quvchi ta’lim olib kelgan. Mazkur maktabdan 300 metr uzoqlikda shu muassasa maqomida 1978-yilda qurilgan maktab filiali mavjud bo‘lib, unda 240 nafar bola o‘qigan.
Hozirgi kunda filialdagi o‘quvchilar asosiy binoga ko‘chirilib, jami 545 nafar o‘quvchi 1,73 koeffitsiyent asosida tahsil olmoqda.
Yulg‘unzor MFY hududida davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud emasligi sababli, hududdagi ko‘plab ota-onalarning murojaatlari, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 2024-yil 4-noyabrdagi 5 B/326-sonli so‘rov xati hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 25-oktyabrdagi 05-41-3933-sonli rozilik xati asosida, Uchko‘prik tumani hokimining 2024-yil 12-noyabrdagi 310-11-162-Q/24-sonli qarori bilan 38-maktab filialining bino-inshootlarini moslashtirish orqali 180 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etish belgilangan.
Keltirilishicha, mazkur loyiha doirasida tuman mahalliy byudjetidan 500 million so‘m mablag‘ ajratilib, filial hududida yangi oshxona va hojatxona qurish, mavjud binolarni ta’mirlash rejalashtirilgan. Loyiha ishlari amaldagi qonunlar va tartiblar asosida amalga oshirilmoqda.
