Rossiyaga oʻqishga kelgan hindistonlik talaba majburan urushga yuborildi

Rossiyaga oʻqishga kelgan hindistonlik talaba majburan urushga yuborildi

Hindistonlik 30 yoshli Rakesh Kumar Sankt-Peterburgga oʻqish uchun borganidan koʻp oʻtmay Rossiya Mudofaa vazirligi bilan majburiy shartnoma imzolanib, frontga yuborilgan. Bu haqda The Times of India xabar berdi.

 

 

Kumar 7-avgust kuni oʻquv vizasi bilan Rossiyaga kelgan. Oradan ko‘p oʻtmay u oilasiga vaziyat rejadagidek ketmayotgani haqida ishora qila boshlagan. Keyinroq akasiga qoʻngʻiroq qilib, uni zo‘rlik bilan armiyaga jalb etishganini va tez orada jang maydoniga joʻnatishlarini aytgan. Shu suhbatdan soʻng uning telefoni oʻchib qolgan. Birozdan keyin esa yaqinlari uning Rossiya harbiy formasida tushgan suratini koʻrib qolishgan.

 

 

Bir necha kundan keyin Kumar boshqa rus raqamidan aloqaga chiqqan. U suhbat davomida pasporti va barcha shaxsiy hujjatlari olib qoʻyilganini, elektron pochtasi oʻchirib tashlanganini va Donbassda jangovar tayyorgarlikka jalb qilinganini aytgan. Shundan keyin u bilan bogʻlanish imkonsiz boʻlib qolgan.

 

 

Kumarning yaqinlari Hindiston hukumatidan yordam soʻrab murojaat qilgan.

 

“U tirikmi-yoʻqmi bilmaymiz. Faqat sog‘-omon uyga qaytishini istaymiz”, — deydi uning oilasi.