Qabul chegaralariga 4,05 balldan ko‘proq ball yetmagan abituriyentlar qancha super-kontrakt toʻlaydi?

Qabul chegaralariga 4,05 balldan ko‘proq ball yetmagan abituriyentlar qancha  super-kontrakt toʻlaydi?

Joriy yil tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori OTM rektorlari (direktorlari) tomonidan belgilanadi.

 

Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025-2026-oʻquv yili uchun kirish imtihonlari natijalariga koʻra 56,7 va undan yuqori ball toʻplagan lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qoʻshimcha qabul qilishda tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorini rektor (direktor) tomonidan mustaqil belgilash  tartibi amaliyotga joriy etiladi.

 

Qabul chegaralariga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari (1-ilova 73-band)ga asosan belgilanadi.

 

Nizomga ko’ra, to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

 

– 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;

– 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;

– 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;

– 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari.

 

Qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari oliy taʼlim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy toʻlov-kontraktning 3,0 barobaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi. Ya’ni, oldingi yillarda tabaqalashtirilgan super-kontrakt miqdori qabul komissiyasi tomonidan belgilangan bo’lsa, joriy yilda ushbu miqdorlar oliy ta’lim tashkilotlar rektorlari tomonidan belgilanadi.

 

Barcha oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan 2025-yil 25-sentyabrga qadar 2025-2026-oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va taʼlim shakllari kesimida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdorlari tasdiqlanadi va rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

 

Eslatma! Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ushbu miqdorlar bo‘yicha to‘lov-kontraktning 31-oktyabrga qadar 50 foizi bajarilgandan so‘ng abituriyent oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.