Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yotoqxona masalalari boʻyicha rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, talabalarni turar joyga joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglament asosida amalga oshirilmoqda.
2024/2025 oʻquv yildan boshlab barcha kurs talabalari uchun yotoqxonaga joylashish jarayoni toʻliq onlayn shaklda joriy etilgan. Talabalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza topshirishi mumkin.
2025-yil 12-sentyabr holatiga koʻra, jami 63 804 ta ariza kelib tushgan. Shundan 40 265 nafar talaba uchun yoʻllanmalar avtomatik shakllantirilgan, 21 767 nafar talaba esa navbatda turibdi.
Vazirlikka koʻra, arizalarning “jarayonda” turishi kechiktirish emas, balki reglamentga muvofiq navbat shakllantirilganini bildiradi. Oʻrinlar bosqichma-bosqich taqsimlanadi va avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi talabalar uchun ustuvorlik beriladi.
Arizalarni koʻrib chiqish tartibi quyidagicha:
– agar yotoqxonada boʻsh oʻrin mavjud boʻlsa, yoʻllanma avtomatik shakllantiriladi;
– agar boʻsh oʻrin boʻlmasa, talaba navbatga qoʻyiladi va bu haqda xabarnoma oladi;
– oʻrin boʻshagan taqdirda navbatdagi talaba joylashtiriladi.
Shuningdek, Hukumatning 2021-yil 24-sentyabrdagi 605-son qaroriga muvofiq, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara asosida yashovchi talabalar uchun ijara toʻlovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilangan. Toshkent shahrida bu miqdor bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarini (hozirda 412 ming soʻm), boshqa hududlarda esa yarim baravarini (206 ming soʻm) tashkil etadi.
Shu bois talabalarni yotoqxonaga joylashtirish va ijara xarajatlarini qoplash jarayonlari qonunchilikda belgilangan tartibda va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Eslatma! Yotoqxonaga ariza berish o’quv yili yakuniga qadar davom etadi.
