2025-yil 20-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining 527-son qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat fuqarolarning kasb va xorijiy tillarni o‘rganishini qo‘llab-quvvatlash, ishsizlar hamda kambag‘al oilalar vakillarini bandlikka jalb qilish maqsadida ishlab chiqilgan. Qarorga muvofiq, endilikda aholiga vaucher asosida bepul ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
Vaucher nima va uni kimlar olishi mumkin?
Vaucher – bu davlat tomonidan taqdim etiladigan maxsus hujjat bo‘lib, u o‘quv xarajatlarini qoplashga xizmat qiladi. Vaucher elektron shaklda rasmiylashtiriladi va QR-kod bilan tasdiqlanadi. Qarorga muvofiq, vaucher quyidagi toifadagi fuqarolarga beriladi:
– “Kambag‘al oilalar reestri”ga kiritilgan shaxslar;
– ishsizlar;
– rasmiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ish qidiruvchilar.
Ushbu toifadagi fuqarolar vaucher orqali kasbiy ko‘nikmalar markazlarida, xorijiy tillar kurslarida va zamonaviy kasblarga ixtisoslashgan ta’lim muassasalarida bepul ta’lim olishlari mumkin.
Vaucherdan foydalanish tartibi qanday?
Talabgor vaucher olish uchun tumandagi bandlik bo‘limiga, mahalla hokim yordamchisiga yoki ecosys.mehnat.uz platformasi orqali murojaat qiladi. Ariza ko‘rib chiqilgach, vaucher elektron shaklda beriladi. Muhim jihat shundaki, vaucher uch oy davomida amal qiladi. Agar shu muddat ichida ta’lim boshlanmasa, u o‘z kuchini yo‘qotadi. Shuningdek, ta’lim olish faqat elektron reestrga kiritilgan ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi, bu esa jarayonning shaffof va tartibli bo‘lishini ta’minlaydi.
Ta’lim xarajatlari qanday qoplanadi?
Davlat ta’lim xarajatlarini ikki bosqichda qoplaydi. Birinchi 50 foiz mablag‘ o‘qish boshlanishidan oldin ajratiladi, qolgan 50 foiz esa yakuniy imtihon muvaffaqiyatli topshirilgandan so‘ng to‘lanadi. Agar talaba imtihondan o‘ta olmasa yoki davomat talab darajasida bo‘lmasa, davlat ta’lim xarajatlarini qoplamaydi. Bu qoida o‘quvchilarni ham, ta’lim muassasalarini ham mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Bundan tashqari, masofaviy (onlayn) o‘qitishda xarajatlarning faqat 50 foizi qoplab beriladi.
Vaucherdan necha marta foydalanish mumkin?
Har bir fuqaro faqat bir marta vaucher olish huquqiga ega. Bu qoida imkoniyatlarning adolatli taqsimlanishini ta’minlash va davlat mablag‘ining samarasiz sarflanishini oldini olish uchun belgilangan. Demak, vaucher qo‘lga kiritilgach, undan oqilona va mas’uliyat bilan foydalanish juda muhim.
Qaysi kurslarni vaucher orqali o‘qish mumkin?
Vaucher faqat qisqa muddatli, amaliy ko‘nikma beradigan yo‘nalishlarga taalluqlidir. Qarorda avvalo xorijiy tillar — ingliz, rus, koreys va boshqa talab yuqori bo‘lgan tillarni o‘rganish imkoniyati belgilangan. Shuningdek, kasbiy ko‘nikmalar markazlari orqali turli hunar va kasblar o‘rgatiladi. Bularga axborot texnologiyalari yo‘nalishlari, jumladan dasturlash va kompyuter savodxonligi, texnik sohalar — payvandchilik, elektrmontyorlik, avtomexaniklik, qurilish ishlariga oid kurslar kiradi. Bundan tashqari, oshpazlik, tikuvchilik, sartaroshlik, go‘zallik xizmati kabi xizmat ko‘rsatish hamda hunarmandchilik yo‘nalishlari ham mavjud. Ushbu kurslarning barchasi mehnat bozorida eng ko‘p talab qilinayotgan kasblarni egallashga qaratilgan.
Hamkor ta’lim muassasalari uchun qanday imkoniyatlar yaratiladi?
Qaror nafaqat fuqarolarga, balki ta’lim muassasalariga ham katta imkoniyatlar yaratadi. Endilikda ular elektron reestr orqali davlat bilan hamkorlik qiladi. Bu tartib nafaqat shaffoflikni ta’minlaydi, balki kurslarning sifatini oshirish, yangi yo‘nalishlar ochish va talabni qondirish imkonini ham beradi. Bundan tashqari, kasbiy ko‘nikmalar markazlari bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi.
Ushbu qarordan ko‘plab ijobiy natijalar kutilmoqda. Avvalo, ishsizlik darajasi kamayadi, chunki ko‘plab fuqarolar yangi kasb egallab, mehnat bozoriga kirib keladi. Ikkinchidan, kambag‘allikni qisqartirish siyosati yangi bosqichga chiqadi, chunki hunarli va bilimli odam doim daromad topish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uchinchidan, xorijiy tillarni va zamonaviy kasblarni egallagan fuqarolar xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh bo‘ladilar. Ta’lim muassasalari esa o‘z faoliyatini zamonaviylashtiradi va sifatni oshirishga intiladi.
