AQSHda 13 yoshli maktab o‘quvchisi 23 ta qurol bilan qo‘lga olindi

AQSHda 13 yoshli maktab o‘quvchisi 23 ta qurol bilan qo‘lga olindi

AQSHning Vashington shtati politsiyasi maktabda otishma uyushtirmoqchi boʻlganlikda gumon qilib, 13 yoshli oʻsmirni qoʻlga oldi. Uning uyidan 23 dona oʻqotar qurol va katta miqdorda oʻq-dorilar topildi. Bu haqda The Washington Post xabar bergan.

 

Tergovchilarning taʼkidlashicha, bola maktab otishmalariga juda qiziqqan va ijtimoiy tarmoqlarda tahdidli postlar joylashtirgan. Hozirda oʻsmirga 5 ta modda boʻyicha ayblov qoʻyilgan, shulardan 4 tasi ogʻir jinoyat sifatida belgilangan. Bola ayblarni inkor etmoqda. Xavfsizlik maqsadlarida uning ismi oshkor qilinmagan, sud hujjatlari maxfiy saqlanmoqda.

 

Sherif yordamchisi Karli Kappetto bergan bayonotga koʻra, bolakayning yotoqxonasida maktab otishmachilari haqidagi suratlar, yozuvlar va shunga doir imitatsiyalar aniqlangan. Devorlarga qurollar osilgan, kichikroq qurollar esa uyning turli burchaklarida ochiq holda topilgan.

 

 

“Xonadagi barcha dalillar uning otishma sodir etishga tayyorligini koʻrsatdi. Qachon yoki kimga qarshi hujum boʻlishi nomaʼlum, bu faqat vaqt masalasi”,- dedi Kappetto.

 

Politsiya oʻquvchining uyidan otishmachilar va oʻq-dorilarga aloqador jurnallarini ham topgan. Bolaning ota-onasi esa uning hech kimga zarar yetkazish niyatida emasligini daʼvo qilmoqda. Xususan, oʻsmirning onasi sud majlisida qatnashgan va jurnalistlarga bergan intervyusida oʻgʻlining internetdagi postlari “shunchaki doʻstlar oldida zoʻr koʻrinish” uchun qoʻyilganini aytgan.

 

Maʼlum qilinishicha, oʻsmir 2021-yilda Franklin Pirs maktabida oʻqir edi, hozirda esa hech qayerda oʻqimayapti. Ish yuzasidan tergov ishi davom etmoqda. Politsiya jamoatchilikni ogoh boʻlishga chaqirmoqda.