O‘qituvchilar yutqazdi — sud vazirlik foydasiga qaror chiqardi

O‘qituvchilar yutqazdi — sud vazirlik foydasiga qaror chiqardi

2025-yil 8-sentabr kuni ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarshi bergan da’vosi yakunlandi: sud da’voni asossiz deb topib, vazirlik foydasiga qaror qabul qildi. Sud jarayoni 2025-yil 12-avgustda boshlangan va jami to‘rt majlisda ko‘rib chiqildi.

 

 

Sud jarayonida da’vogarlardan Abror Kamolov hamda uning himoyachisi advokat Nazirjon Xatamjonov ishtirok etdi; sud majlisini Sudya Guli Yusupovna Shukurlayeva boshqargan.

 

Vazirlik nomidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi xodimi hamda vazirlik yuristi, shuningdek, attestatsiya jarayonini tashkil etgan mas’ullar sudda dalillari bilan qatnashishgan. Bu haqda Xalqtaliminfo.uz nashri xabar berdi. 

 

 

Da’vogarlarning asosiy iddaosi shundan iborat ediki, vazirlik attestatsiya test savollarini Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 43-bandiga muvofiq shakllantirmagan, ya’ni test materiallari xalqaro testologiya talablari bo‘yicha valid (amal qilishga yaroqli) emas.

 

Ular test savollari ekspertizadan o‘tkazilgach aprobatsiya sinovlari, statistik tahlil (jumladan Rasch modeli) va qayta aprobatsiyadan o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlab, shu asosda attestatsiyani qayta o‘tkazishni hamda ma’naviy zarar va vakil xarajatlarini undirishni so‘ragan. 

 

Vazirlik esa o‘z navbatida testlarni xalqaro talablarga mos holda ishlab chiqilgani, tizimning xalqaro miqyosda tan olingan tashkilot tomonidan tekshirilib, akkreditatsiyadan o‘tganini ta’kidlagan.

 

Shuningdek, vazirlik test topshiriqlari aprobatsiyadan o‘tkazilgani, pedagoglar uchun diagnostik test sinovlari tahlil qilinganligi va Ilmiy-metodik kengash bayonnomasida xatolik yo‘qligi haqidagi dalillarni sudga taqdim etgan. 

 

Sud muhokamasi davomida da’vogarning mustaqil ekspertlik tayinlanishi haqidagi iltimosi rad etilgan— sud avvalgi majlislarda taqdim etilgan mustaqil ekspert xulosalari qabul qilinganini hisobga olgan.

 

Yakuniy qarorda sud da’voni rad etgan va da’vogarning attestatsiya natijalarini qayta o‘tkazish bo‘yicha talabini qanoatlantirmagan, shuningdek,  tomonlarga apellyatsiya tartibida shikoyat qilish huquqi eslatilgan.

 

Ushbu sud ishining sababi — joriy yil 15-apreldan 14-maygacha o‘tkazilgan attestatsiya testlaridir. Ta’lim tizimiga ko‘ra, attestatsiyaga taxminan 190 ming pedagog ariza topshirgan, ularning 177 640 nafari (taxminan 95 foizi) sinovlarda ishtirok etgan.

 

Natijalarga ko‘ra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar birinchi toifa va 27 805 nafar ikkinchi toifa uchun yetarli ball to‘plagan. 6 603 nafar pedagog esa mutaxassis lavozimini saqlab qoldi.

 

Umuman olganda, 73 mingdan ortiq pedagog ijobiy natija qayd etdi, ammo taxminan 104 ming pedagog (58,9%) attestatsiyadan o‘tolmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda va pedagoglar orasida testlarning murakkabligi, validlikka javob bermasligi va ayrim holatlarda mavzuga mos emasligi haqidagi shikoyatlar keng tarqalgan, shuningdek, tahririyatimizga ham bir qancha pedagoglar tomonidan murojaatlar kelib tushgani haqida xabar bergan edik.

 

Eslatma! Tez orada tarix o’qituvchilarning ham da’vo arizasi sudda ko’rib chiqilishi kutilmoqda.