Oʻzbekistonda muhandislik maktablari faoliyati yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Ushbu taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni 5 yillik STEM modeli asosida tashkil etiladi.
Dasturga koʻra, dastlabki 3 yil davomida oʻquvchilar fizika, matematika va xorijiy tillarni chuqur oʻrganadi. Keyingi 2 yil esa muhandislik fanlariga boshlangʻich tayyorgarlik berishga yoʻnaltiriladi.
Muhandislik maktablarini belgilangan talablarga muvofiq tamomlagan iqtidorli bitiruvchilarga alohida imtiyoz beriladi: ular muhandislik yoʻnalishidagi oliy taʼlim dasturlarida bir yillik davlat granti asosida 2-kursdan test va qoʻshimcha imtihonlarsiz oʻqishni davom ettirish huquqiga ega boʻladi.
Mazkur tashabbus yoshlarning ilmiy-texnik salohiyatini rivojlantirish va muhandislik sohalarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
