Namangan shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabni sobiq bitiruvchisi, “Aisha home textile” kompaniyasi ta’sischisi Jobirxon Kamoliddinov homiyligida 944 o‘rinli o‘quv binosi mukammal ta’mirlanib, 100 o‘rinli faollar va sport zali rekonstruksiya qilindi hamda 150 o‘rinli oshxona qurib bergan. Bu haqda O’zA xabar berdi.
O‘quvchi quvvati 1 ming 264 o‘rin bo‘lib, ta’mirlash ishlaridan so‘ng viloyat notarial arxivi binosi negizida qo‘shimcha 320 o‘rin hozirlandi hamda 1 ming 584 o‘ringa keltirilgan. Ushbu xayrli ishga 15 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Maktabga Namangan shahridagi Alpomish, Zarkent va Sardoba mahallaridan 2 ming 125 o‘quvchi boradi. Ulardan 220 nafari ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ydi va ularga Prezident sovg‘alari taqdim qilindi. E’tiborlisi, jajjilar uchun tadbirkor tashabbusi bilan bepul tushliklar tashkil etiladi.
Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ma’lum qilishicha, yangi o‘quv yilida viloyatdagi mavjud 720 ta umumta’lim maktabiga 63 067 nafar birinchi sinf o‘quvchisi qadam qo‘ydi. Barcha sinflarda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Kelajak soati” darslari o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilda viloyatdagi 50 ta ta’lim muassasasi investitsiya dasturiga kiritilib, shundan bitta yangi ixtisoslashgan maktab, ikkita yangi bog‘cha qurish, 33 ta maktab va 14 ta bog‘chani rekonstruksiya qilish uchun jami 359 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
