Bitiruvchilar bandligi masalasida “quruq statistika”ga yo‘l qo‘yilmaydi – Tanzila Norboyeva

Bitiruvchilar bandligi masalasida “quruq statistika”ga yo‘l qo‘yilmaydi – Tanzila Norboyeva

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida mamlakatimizda ijtimoiy davlat tamoyillarini hayotga tatbiq etish va aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

 

Senat Raisi Tanzila Norboyeva o‘z chiqishida yoshlarga, xususan, oliygoh bitiruvchilariga munosib ish o‘rinlarini taqdim etish davlatning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, yoshlar bandligini ta’minlash masalasi yuzaki yondashuvdan holi bo‘lishi shart.

 

“Bitiruvchilarni faqat raqamlar uchun ‘ishga joylashtirildi’ deb ko‘rsatish yoki sun’iy ravishda statistikani oshirish qat’iyan man etiladi. Har bir ma’lumot haqiqatga mos bo‘lishi, tegishli elektron bazalarga kiritilgan ma’lumotlar muntazam tekshirib borilishi lozim”, – dedi Norboyeva.

 

Avvalroq davlat rahbari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash borasidagi muammolar muhokama qilingan edi. Unda 92 ming nafar yosh mutaxassisning kelajak faoliyatida ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilangan.

 

Shunga muvofiq, Senat Kengashining 13-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida maxsus qaror qabul qilindi. Qarorga asosan, Respublika ishchi guruhi, shuningdek, senatorlar va mahalliy kengashlar rahbarlari boshchiligida hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi. Bu guruhlar 37 oliygohning qariyb 49 ming bitiruvchisini ish bilan ta’minlash uchun hududlar va sohalar kesimida aniq mexanizmlar, muddatlar va chora-tadbirlarni belgilab olgan.

 

Senat Raisi ta’lim, tibbiyot kabi ijtimoiy sohalarda mutaxassislarning hududdan hududga borib ishlashi uchun zarur sharoitlarni yaratish masalasi doimiy e’tiborda bo‘lishini qayd etdi. Hududiy ishchi guruhlar bitiruvchilarning bandligiga oid yuzaga keladigan muammolarni tezkor hal etishi shartligi ta’kidlandi.

 

“Bu masala har hafta amaliy tarzda muhokama qilinib boriladi. Vazifalarni bajarishda barcha rahbarlar – senatorlardan tortib hokimlargacha, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari yuqori darajada javobgarlik bilan yondashishi zarur”, – dedi Norboyeva.

 

Yoshlarni munosib daromadli ish bilan ta’minlash nafaqat ularning shaxsiy kelajagi, balki jamiyatning barqaror taraqqiyoti uchun ham beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois Senat Raisi barcha davlat organlari, mahalliy kengashlar va hudud rahbarlarini bu boradagi topshiriqlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarishga chaqirdi.