Qonunchilikka ko‘ra, ta’lim muassasasining litsenziyasi faqat sud qarori asosida bekor qilinishi mumkin. Biroq so‘nggi oylar davomida amaliyotda bundan farqli vaziyatlar kuzatilmoqda.
Masalan, joriy yilning may oyida bir xususiy oliy ta’lim muassasasi filial ochish uchun litsenziya olgan. Oradan bir kun o‘tib, muassasa rahbariyati ariza yozishga majbur qilingan va litsenziya qaytarib olingan. Rasmiy sabab sifatida esa “texnik nosozlik” ko‘rsatilgan.
Avgust oyining boshida yana ikki xususiy OTMga yangi yo‘nalish va ta’lim shakli uchun litsenziya berilgan, biroq ertasiga u ham qaytarib olingan. Bahona — yana “texnik nosozlik”.
Yaqinda esa besh nafar xususiy OTMga filial va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan litsenziya ham xuddi shu sabab bilan bekor qilingani ma’lum qilindi.
Biroq litsenziya beruvchi jarayonni nazorat qiluvchi Adliya vazirligi bunday iddaolarni rad etdi. Vazirlikning rasmiy bayonotida hech qanday texnik nosozlik qayd etilmagani va ruxsatsiz amal bajarilmagani ta’kidlandi.
