Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tibbiyot sohasida mutaxassislar tayyorlashni davlat monopoliyasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, ushbu sohada ta’lim faoliyati olib borish huquqi faqat I.K. Axunbayev nomidagi Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasiga (QDTA) berildi. Endilikda barcha xususiy tibbiyot oliygohlari shu akademiya tasarrufiga o‘tkaziladi. Farmon xususiy tibbiyot universitetlari soni keskin ko‘payishi va ularning bitiruvchilari yetarli tayyorgarlikka ega emasligi sababli qabul qilingan.
Prezident matbuot xizmatga ko‘ra, xususiy oliy ta’lim muassasalarining aksariyati zarur klinik bazaga ega emas. Professor-o‘qituvchilarning malakasi belgilangan talablarga javob bermaydi, ta’lim jarayoni esa asosan minimal amaliy tayyorgarlik bilan cheklanadi. Bundan universitetlar rasmiy ravishda diplom berishdan iborat bo‘lib qolmoqda.
Natijada har yili bilim va amaliy ko‘nikmalari past bo‘lgan yuzlab mutaxassislar bitirib chiqmoqda. Bu esa tibbiyot ta’limi tizimiga bo‘lgan ishonchni pasaytirib, Qirg‘iziston diplomi xalqaro miqyosda obro‘siga putur yetkazmoqda. Shu bilan birga, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar tanqisligi ortib bormoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, 2026-yil 1-iyunga qadar xususiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari davlat akkreditatsiyasidan o‘tishi shart, keyinchalik ular QDTA filiallari yoki bo‘linmalariga aylantirilishi mumkin. Akkreditatsiyadan o‘tmagan muassasalar faqat tayyorlov kurslari sifatida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.
2026-yil 1-yanvarga qadar hukumat tibbiyot va farmatsevtika mutaxassisliklari bo‘yicha yagona davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqishi va tasdiqlashi lozim. Japarov ta’kidlashicha, islohotlar tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, korrupsiya xavfini kamaytirishga qaratilgan. Bu orqali milliy sog‘liqni saqlash tizimi va mamlakatning xalqaro nufuzini himoya qilish maqsad qilingan.
2022-yil fevral oyida o‘sha paytdagi sog‘liqni saqlash vaziri Alimqodir Beyshenaliyev mamlakatda 24 ta tibbiyot muassasasi faoliyat yuritayotganini aytgandi. Ulardan uchtasi davlatniki — Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasi, O‘sh davlat universiteti tarkibidagi fakultet va Qirg‘iz—Rossiya Slavyan universitetidagi fakultet. Qolgan 21 ta muassasa esa, vazirning so‘zlariga ko‘ra, “mansabdorlar yoki puli bor odamlar”ga tegishli. O‘sha paytning u 17 ta xususiy tibbiyot oliygohni talabga javob bermagani sababli yopish niyatida ekanini ham bildirgan.
