Jizzaxda aqidaparastlik materiallarini tarqatgan talaba yigit 5 yil 2 oyga qamaldi

Jizzaxda aqidaparastlik materiallarini tarqatgan talaba yigit 5 yil 2 oyga qamaldi

Jizzax viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudi aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi video va audio materiallar tarqatgan 19 yoshli yigitga nisbatan hukm o‘qidi. Bu haqda Gazeta xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, sudlanuvchi 2022-yilning sentabr oyidan boshlab internet orqali “Hizb ut-Tahrir” terroristik tashkilotlarining yetakchilaridan O‘zbekiston hududida xalifalik davlati barpo etish borasidagi va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan audio va video materiallarni tinglab, tarqatib kelgan.

 

Sudda Mirzacho‘l tumani prokurorining yordamchisi Alisher Abdusodiqov ayblanuvchiga uzil-kesil 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini hamda daliliy ashyo sifatida olingan materiallarni tegishli tartibda yo‘q qilinishi belgilanishini so‘radi.

 

“Namoz o‘qiyman, dedi. Namoz o‘qigandan bunaqa yomon niyat qilmaydi, deb o‘ylagandik. Ichmaydi, chekmaydi, yomon yo‘lga kirmaydi. O‘zimiz ham bilmay qoldik. O‘qishda yurdi deb, bu yog‘iga qaramabmiz”, — dedi yigitning onasi.

 

Sud hay’ati sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlarini eshitib, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqdi va ishda mavjud bo‘lgan dalillarga baho berib, so‘nggi so‘zni sudlanuvchiga berdi.

 

“Boshida bu narsalarni noto‘g‘ri tushunib yetmagan ekanman. Kechirishingizni so‘rayman. Qilgan xatomdan ming marta pushaymonligimni aytib, yengilroq jazo berishlaringizni so‘rayman”, — dedi u.

 

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 159-moddasi uchinchi qismi “b” bandi (Uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlagan holda O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244−1-moddasi uchinchi qismi “g” bandi (Ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘talishi belgilandi.