Hukumatning 2024-yil 2-fevraldagi 87-son ‘‘Davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning Maʼmuriy Reglamentini tasdiqlash to’g’risida’’gi qaroriga ko’ra, ayrim hollarda kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydi yoki maʼlum muddatga ozod qilinadi.
Nizomning 9-bandiga ko’ra, quyidagilar kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydi:
– fan nomzodi, falsafa doktori Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan pedagog kadrlar;
– magistr darajasiga ega mutaxassislar;
– pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etib, kamida mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi saqlangan darajada koʻrsatkichga ega boʻlgan pedagoglar.
Qarorning 10-bandiga ko’ra, quyidagilar kasbiy sertifikatlashdan maʼlum muddatga ozod qilinadi:
– homilador ayollar, homiladorlik yoki tugʻish taʼtilida boʻlgan ayollar, ular taʼtilda boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
– pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan uch yoshgacha bolalari bor ayollar (farzandi uch yoshga toʻlgunga qadar);
– uzoq (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanayotgan pedagog kadrlar, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;
– uch oy va undan uzoq muddatga respublika hamda chet el davlatiga oʻqishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kursiga yuborilgan pedagog kadrlar, ular ishga chiqqanidan soʻng olti oy davomida.
Nazorat sinovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tib, nazorat sinovida uzrli sabablar (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganligi, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi, vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lib turganligi, yaqin qarindoshi vafot etganligi, vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkilotlari rahbarlarining ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan asoslar)ga ko‘ra ishtirok etmagan talabgor, tegishli hujjatlar taqdim etilgan holda, nazorat sinovidan o‘tmagan hisoblanadi hamda keyingi tashkil etiladigan nazorat sinovida ishtirok etish uchun qaytadan ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi.
Birinchi marta kasbiy sertifikat olish bo‘yicha nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgordan to‘lov undirilmaydi.
Nazorat sinovida qayta ishtirok etish uchun talabgor tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida to‘lov to‘lanadi.
