Hukumatning 2024-yil 12-fevraldagi 87-son qaroriga ko’ra, birinchi marta kasbiy sertifikat olish bo‘yicha nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgordan to‘lov undirilmaydi.
Nazorat sinovida ishtirok etish uchun ro‘yxatga olish davriyligi kamida bir oy davom etadi. Unda ishtirok etish uchun ro‘yxatga olish sanasi Vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali e’lon qilinadi.
Nazorat sinovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tib, nazorat sinovida uzrli sabablar (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganligi, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi, vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lib turganligi, yaqin qarindoshi vafot etganligi, vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkilotlari rahbarlarining ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan asoslar)ga ko‘ra ishtirok etmagan talabgor, tegishli hujjatlar taqdim etilgan holda, nazorat sinovidan o‘tmagan hisoblanadi hamda keyingi tashkil etiladigan nazorat sinovida ishtirok etish uchun qaytadan ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan yoki “Kambag‘al oilalar reyestri” axborot modulining sariq toifasiga kiritilgan oilalarning a’zolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘lovlar bo‘yicha 50 foiz miqdorida, “Kambag‘al oilalar reyestri” axborot modulining qizil toifasiga kiritilgan oilalarning a’zolariga belgilangan to‘lovlar bo‘yicha 75 foiz miqdorida chegirma qo‘llaniladi.
Davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun YIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tilganda, talabgordan belgilangan to‘lov miqdorining 90 foizi undiriladi.
Uzrli sabablarga ko‘ra nazorat sinovida ishtirok etmagan talabgordan navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun takroran to‘lov undirilmaydi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun to‘lov to‘langanligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
To‘lov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etilganda, to‘lov summasining:
18 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga;
0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
qolgan qismi — Vazirlik huzuridagi Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobvarag‘iga;
b) YIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tilganda, to‘lov summasining:
11,75 foizi (shundan 0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali davlat xizmati ko‘rsatilganda) — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasidagi maxsus hisobvarag‘iga;
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga;
qolgan qismi — Vazirlik huzuridagi Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanishda xizmat ko‘rsatishning har qanday bosqichida nazorat sinovida ishtirok etishdan bosh tortish huquqiga ega. Talabgor davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda yoki nazorat sinovidan o‘ta olmaganda, to‘langan to‘lov summasi qaytarilmaydi.
