AQShning Arizona shtatida davlat maktablari soni qisqarishda davom etmoqda. The Washington Post’ning yozishicha, poytaxt Finiksda o‘tgan yil ichida o‘quvchilar soni kamaygani sabab kamida 20 ta maktab yopilgan.
Finiksdagi Ruzvelt boshlang‘ich maktab okrugida yangi o‘quv yilida 13 ta maktabdan beshtasi faoliyatini to‘xtatdi. Bunga davlat mablag‘ini xususiy maktab yoki uyda o‘qishga yo‘naltirish imkonini beruvchi voucher (ta’lim sertifikati) tizimi sabab bo‘ldi.
Arizona AQShda universal voucher dasturini joriy qilgan ilk shtat bo‘ldi. Har bir oilaga yillik qiymati qariyb 7400 dollar bo‘lgan sertifikat taqdim etiladi. Bu mablag‘ xususiy maktab to‘lovi yoki uyda ta’lim xarajatlarini qoplashga sarflanishi mumkin. Dastur shtat byudjetiga sezilarli yuk bo‘ldi — 2024 yilda xarajatlar 1 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, Ruzvelt okrugidagi davlat maktablari o‘quvchilari soni 2010 yil kuzida 10 500 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yil kuzida bu ko‘rsatkich 7 mingdan sal oshiqni tashkil etdi. Xususiy maktablarda esa deyarli shuncha bola o‘qiydi. Umumiy hisobda shtatdagi bolalarning 75 foizi davlat maktablariga qatnaydi — bu AQSh bo‘yicha eng past ko‘rsatkich.
Islohot tarafdorlari ota-onalarga ta’limda tanlash erkinligi berilishi zarurligini ta’kidlaydi. Tanqidchilar esa voucher tizimi jamiyatni bo‘lishini, soliqlar hisobidan moliyalashtirilayotgan, ammo davlat nazorati kam bo‘lgan maktablarga mablag‘ oqimini kuchaytirishini aytmoqda. Ularning fikricha, bu yordam asosan ta’lim xarajatining qolgan qismini to‘lay oladigan oilalarga, shu jumladan farzandlari avvaldan xususiy maktabda o‘qiganlarga ham foyda keltiradi.
