Universitetga qabul xabari komadagi xitoylik abituriyent qizni uyg‘otgani aytilmoqda

Universitetga qabul xabari komadagi xitoylik abituriyent qizni uyg‘otgani aytilmoqda

Xitoyning Henan provinsiyasida yashovchi 18 yoshli Szyan Chennan yurak infeksiyasi sababli komaga tushgan. Ammo uning universitetga qabul qilingani haqidagi xabar uni hayotga qaytargan. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

 

 

Szyan Chennan joriy yil iyun oyida Xitoyda o‘tkazilgan milliy kirish imtihoni — gaokaoda qatnashganidan so‘ng isitma va ko‘krak sohasida bosimdan shikoyat qilib, 11-iyul kuni shifoxonaga murojaat qilgan. Shifokorlar unga fulminant miokardit — yurak mushaklarining keskin yallig‘lanishi tashxisini qo‘yishgan.

 

 

Biroq holati og‘irlashgani bois u boshqa shifoxonaga ko‘chirilib, komaga tushgan. So’ng, u intensiv terapiya bo‘limida yurak-o‘pka apparatiga ulangan holda hayot uchun kurash olib borgan.

 

 

18-iyul kuni komadagi qizining oldiga otasi kelib universitetga qabul xatini o‘qib berganidan so’ng, o’ziga kelishni boshlagan. Ertasi kuni esa u hushiga kelib, ota-onasi bilan videoaloqa orqali muloqotda “OK” ishorasi bilan javob bergan.

 

 

U Henan provinsiyasidagi Huanghe Transport Universitetiga qabul qilingan. U hali to‘liq tiklanmagan bo‘lsa-da, shifokorlar yurak faoliyati to‘liq tiklanganini va umumiy holati barqaror ekanini bildirishgan. Szyan Chennan sentyabr oyida darslarga qatnashishi kutilmoqda.

 

Universitetga qabul xabari komadagi xitoylik abituriyent qizni uyg‘otgani aytilmoqda

 

Oilaviy sharoitlari og‘ir bo‘lgan bu qizning otasi 2023-yildagi yo‘l-transport hodisasidan so‘ng nogiron bo‘lib qolgan, onasi esa ko‘cha savdosi bilan shug‘ullanishga majbur. Qizning davolanish xarajatlari hozirga qadar 200 ming yuandan (28 ming AQSh dollaridan ortiq) ni tashkil etgan.

 

 

Mazkur voqea Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida katta ta’sir uyg‘otgan. Minglab foydalanuvchilar bu holatni “mo‘jiza”, deb atab, unga tezroq sog‘ayish va ta’lim yo‘lida muvaffaqiyatlar tilamoqda.