“Direktor jazolandi, lekin taʼmirga pul ajratmagan masʼullarchi?” — jamoatchilik munosabati

“Direktor jazolandi, lekin taʼmirga pul ajratmagan masʼullarchi?” — jamoatchilik munosabati

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Marhamatdagi 42-maktab o‘qituvchilari muassasani ta’mirlayotgani aks etgan video tarqaldi. Natijada maktab direktori aybli deb topilib, ishdan olindi, shuningdek, 42 mln miqdorida jarimaga ham tortildi.

 

Jamoatchilik faollari vaziyatni qanday baholamoqda? Ushbu holatda haqiqatdan ham direktor aybdormi? Maktab «remonti» vazifasi direktor va o’qituvchilarning vazifasimi?

 

Marhamat tumanidagi bir maktabda o’qituvchilar sinfxonalarni remon qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining bayonotida bu holat pedagoglar tomonidan “ixtiyoriy hashar” shaklida o‘tkazilgan deb izohlandi.

 

Ammo, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining ma’lum qilishicha, o‘qituvchilarning ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilingani holati o‘z tasdig‘ini topgan. Aniqlanishicha, maktab direktori o‘z vakolatidan foydalanib, pedagoglarni ta’mirlashga majburiy chaqirgani, aks holda, ularga dars soatlari kam tasdiqlanishini aytgan. Ushbu holatda maktab direktori ishdan olingan hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida (41 mln 200 ming so‘m) jarima qo‘llangan.

 

«Agar o‘qituvchilar bilan “ixtiyoriy-majburiy hashar” qilmaganida o‘sha direktor baribir ishdan bo‘shatilardi»

 

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi direktorni aybdor deb topdi, ammo bir qancha jamoatchilik faollari vaziyatga boshqacha yondashuv bilan nazar tashlamoqda. Jumladan, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning fikriga ko’ra, agar maktab direktori o’qituvchilarni ishga jalb qilmagan taqdirda ham, u barbir ishdan olingan bo’lar edi. Bunga asos qilib esa, maktabning «remont» qilinmaganligi ko’rsatilgan.

 

«Marhamat tumanidagi holatda maktab direktorining ishdan bo‘shatilishi — bu shunchaki, ildizi zararlangan tishni sug‘urib tashlash xolos. Tishdan-ku qutuldik, lekin kasal ildiz baribir qoldi. U ertaga yana og‘riq berishi tayin. Lekin birontamiz savol bermayapmizki, balki tish sog‘lomdir, muammo ildizdadir?

Ildiz — bu nima? Bu — mahalliy byudjetdan maktablarni ta’mirlash uchun mablag‘ ajratish. Asosiy muammo mana shu yerda.

Qoidaga ko‘ra, maktablarni qurish, ta’mirlash, jihozlash hokimlarning zimmasida. Lekin afsuski, ko‘plab hokimlar uchun maktablar 10-darajali masala.

O‘sha Marhamatdagi 42-maktabni olaylik. Viloyat boshqarmasining yozishicha, maktab jamoasi 2023-yili “Tashabbusli byudjet”dan 1,2 mlrd so‘m, 2024-yilda esa 1,3 mlrd so‘m pul yutib olgan. Ammo mahalliy byudjetdan hokimlik qancha mablag‘ ajratgani haqida ma’lumot yo‘q. Demak, katta ehtimol bilan 1 tiyin ham berilmagan. Maktab jamoasi o‘zi uchun o‘zi yelib yugurgan, hokimga kunimiz qolmasin degan», – deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

 

Xushnudbek Xudoyberdiyevning fikriga ko’ra, o’zi ishlayotgan maktabni ta’mirlashda ishtirok etayotgan o’qituvchilar ko’p, faqat ularning videosi tarqalmagan.

 

«Oxirida bitta gap aytaymi? Agar o‘qituvchilar bilan “ixtiyoriy-majburiy hashar” qilmaganida o‘sha direktor baribir ishdan bo‘shatilardi. Nima uchun deysizmi? Maktabi yangi o‘quv yiliga tayyormasligi, remont qilinmagani uchun.

Bu yo‘l faqat “o‘lim” yo‘li, tirik qolish omadga bog‘liq xolos. Video tarqalmaganda, tirik qolardi. Chunki videosi tarqalmagan, lekin hokim pul ajratmagani uchun o‘qituvchilarning o‘zi ishlayotgan maktablar juda ko‘p… Biz esa doimgidek, oqibatlar bilan kurashib yuraveramiz», – deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

 

«Anjanchasiga: “Ixtiyoriy hashar”da direktor aybdor etib tayinlandi»

 

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa, maktab direktorining ishdan olinishini «Anjancha signal» deb baholagan.

«Bu goʻyoki “anjancha signal”: “Maktablarda oʻqituvchilarni taʼmirlashga, majburiy obunaga, yigʻdi-yigʻdiga jalb qilishda davom etaveringlar, boʻysunmaganlarni dars bermay jazola, lekin bildirma, internetga chiqib ketsa, oʻzing jazolanasan, haqparvar oʻqituvchilaring shikoyat qilib oʻtirmasin, befoyda”, – deydi Bakirov.

 

Shuningdek, Bakirov Mehnat inspeksiya va Andijon Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarimasiga vaziyatga baho berishda o’zaro «kelishib olishlikni» so’ragan. Negaki, Marhamatdagi holatni boshqarma «ixtiyoriy ravishda o’tkazilgan hashar» deb izohlagan bo’lsa, inspeksiya esa «majburiy mehnatga jalb etilgan» deya baholagan. Inspeksiyaning bayonotiga ko’ra, direktor 42 mln 200 ming so’m miqdorida jarimaga tortildi.

 

«Mehnat inspeksiyasining kuchi ham maktab direktoriga yetibdi. Yoʻq, inspeksiya xodimlarini tungi soat birgacha va shanba-yakshanba kunlari ishlatadigan vazirlarni koʻrmaganlikka oladi.

Lekin Marhamatga borib, oʻqituvchilarni “ijtimoiy hasharga” majburlagan direktorni aybini topib jazolaydi, boʻyniga 41 mln.shtraf iladi. Rayono, oblono nima topshiriq bergan, hokimiyat nima degan, chikora ularga», – deydi Bakirov.

 

 

«Ildiz ochilmaguncha hamma maktab direktorini yangilab chiqsangiz ham baribir oʻqituvchiga taʼmirlatish uchrayveradi»

 

Pedagog, ona tili bo‘yicha Milliy o‘quv dasturi mualliflaridan biri Shokir Tursin Andijondagi voqeada direktorning ishdan olinishida hali bir qancha ma’lumotlar yetishmayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, o’rtaga bir qancha savollarni qo’ygan.

 

Shokir Tursinning fikricha, avvalo direktori nima uchun ishdan olinganligini, buning sababini topish kerak. Agar, direktori ta’mir uchun ajratilgan pulni o’zlashtirgani uchun o’qituvchilarni «majburiy-ixtiyoriy ishga jalb qilgan bo’lsa, demak direktor ishdan boʻshatilish bilan birgalikda, talon-toroj boʻyicha ham javobgarlikka tortilishi kerak.

 

Ammo, agar direktorga pul berilmagan boʻlsa, shuning uchun oʻqituvchilar bilan boʻlsa, ushbu holatda maktabning moddiy-texnik bazasiga javobgar mahalliy hokimiyat va vazirlik masʼullari ham javobgarlikka tortilishi kerak.

 

«Nima uchun direktor ishdan olindi. Sababi oʻqituvchilarni taʼmirga chaqirganimi? Agar, ha, boʻlsa, nega u taʼmirlash ishlariga oʻqituvchilarni chaqirdi. Maktab taʼmiri uchun ajratilgan pulni yeb yuborgani uchunmi? Agar, ha, boʻlsa, bu direktor ishdan boʻshatilibgina qolmay, talon-toroj boʻyicha ham javobgarlikka tortilishi kerak.

Agar direktorga pul berilmagan boʻlsa-yu, shuning uchun oʻqituvchilar bilan boʻlsa ham ishni bitirishga qaror qilgan boʻlsa, unda yolgʻiz oʻzi ishdan ketmasligi kerak. Maktabning moddiy-texnik bazasiga javobgar mahalliy hokimiyat va vazirlik masʼullarining ham yoqalari yirtilishi shart.

Menejmentda «5 ta nimaga» degan qoida bor. Yaʼni, bir muammoning ildizni oʻrganib chiqish uchun 5 ta bosqichli nimaga savolini berish kerak. Direktor keysida ham shunday qilinishi lozim. Nimaga direktor taʼmir ishlariga oʻqituvchilarni jalb qildi? degan savolga javob topish kerak-da, javob asosida nimaga shu ishni qildi deb ikkinchi savolni berish kerak, shunday qilib 5 marta savol berilsa muammoning ildizi ochiladi.

Ildiz ochilmaguncha hamma maktab direktorini yangilab chiqsangiz ham baribir oʻqituvchiga taʼmirlatish uchrayveradi», – deydi Shokir Tursin o’zining telegramdagi sahifasida.

 

«Majburiy mehnatdan majburiy mehnatning farqi bormi?»

 

Ta’lim sohasi mutaxassisi Komil Jalilov ham o’zining telegramdagi sahifasida yolgʻiz direktorni «scapegoat» («qurbonlik echkisi») qilmasdan, muammoning tub sababini yechish kerakligini ta’kidlagan.

 

«Yolgʻiz direktorni «scapegoat» («qurbonlik echkisi») qilmasdan, muammoning tub sababini yechish kerak. Aks holda – bunday holatlar boʻlaveradi, ijtimoiy tarmoqlarga chiqish – chiqmasligi esa omad masalasi. Masalan, samarasi isbotlanmagan, hatto vazirlik oʻzi chaqirgan ekspertlar notoʻgʻri degan xorijdan falon pulga «til egalari»ni chaqirish oʻrniga shu pulni maktablar taʼmiriga yoʻnaltirish mumkin edimi? Mumkin edi. Lekin vazirlikka «ochko» muhimroq. Maktabning ahvoli yoki oʻqituvchilar yoki taʼlim sifati emas», – deb yozmoqda Komil Jalilov.

 

Komil Jalilov, shuningdek, «Dolzarb 90» loyihasini ham «majburiy mehnat»ga teng deb baholagan.

 

«Majburiy mehnatning majburiy mehnatdan farqi bormi? Oʻqituvchilarni qonun bilan kafolatlangan taʼtili davrida maktablarga chaqirib, koʻzboʻyamachilik qildirish majburiy mehnat emasmidi? Lekin shu taklifni «tepa»ga sobiq vazirning oʻzi olib chiqmadimi? Yozgi taʼtil davomida chargachan oʻqituvchi sentyabrda yangi oʻquv yilini qaysi kayfiyat bilan boshlaydi? degan savolni oʻziga berdimi? Yoʻq, bermadi. Unga «ochko» muhim edi. «Tepa» ham «toʻxta, yozda oʻqituvchi ham, oʻquvchi ham dam olishi kerak emasmi» demadi. Oʻqituvchilar esa dardini  faqat ijtimoiy tarmoqlarga va «Ozodlik»ka ayta oldi, xolos’, – deydi Jalilov.