Magistratura uchun rad etilgan arizalarni tahrirlash imkoniyati beriladi

Magistratura uchun rad etilgan arizalarni tahrirlash imkoniyati beriladi

So‘nggi kunlarda ko‘plab abituriyentlardan magistratura bosqichi uchun topshirilgan arizalarning rad etilgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushmoqda. Bu esa, tabiiyki, ko‘pchilikda savollarni tug‘dirmoqda: rad etilgan ariza talabaning taqdiriga qanday ta’sir qiladi? 

 

“Ta’lim xabarlari” muxbiri ushbu holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Matbuot xizmatining bosh mutaxassisi Amirqulov Zafar Vohid o‘g‘li bilan suhbat orqali kelib tushgan savollarga batafsil ma’lumot oldi.

 

 

Yo‘nalish turdosh bo‘lsa-da, ariza nima sababdan rad etiladi?

 

Ko‘plab talabgorlar quyidagicha holatni bildirgan:

 

“Bakalavr bosqichida o‘qigan yo‘nalishim, vazirlik tomonidan tasdiqlangan turdosh yo‘nalishlar ro‘yxatida mavjud. Shunga asosan tanlagan magistratura yo‘nalishim ham ro‘yxatda ko‘rsatilgan. Biroq arizam rad etilib, yo‘nalish turdosh emas, degan izoh berildi.”

Bunday holatlarda, birinchi navbatda siz ariza topshirgan oliy ta’lim muassasasining magistratura bo‘limi bilan bog‘lanishingiz va rasmiy tushuntirish olishingiz kerak.

 

Shuningdek, ko‘plab murojaatlar asosida aniqlanishicha, ba’zi talabgorlar turdosh yo‘nalishni aniqlashda xatoga yo‘l qo‘ygan. Bu kabi xatolarning oldini olish uchun, talabgorlarga bakalavr diplomidagi shtirx kod (shtrix kod) asosida turdosh yo‘nalishlarni aniqlash tavsiya etiladi.

 

Eslatib o‘tamiz, vazirlik tomonidan tasdiqlangan turdosh yo‘nalishlar ro‘yxati — rasmiy hujjat hisoblanadi. Ushbu ro‘yxatga muvofiq, siz tanlagan magistratura yo‘nalishiga hujjat topshirish huquqiga egasiz.

 

Arizam rad etildi. Endi magistraturaga kira olmaymanmi?

 

Arizasi rad etilgan talaba bu yil magistraturaga kira olmaydi, degani emas.

 

Vazirlikning mutaxassislarining bergan ma’lumotiga ko’ra, avgust oyida rad etilgan arizalarni tahrirlash uchun qayta imkoniyat berilishi rejalashtirilgan. Hozircha bu bosqichning aniq sanalari e’lon qilinmagan. Barcha arizalar ko‘rib chiqilgach, tahrirlash uchun platforma qayta ishga tushiriladi.

 

Ma’lumot uchun: o‘tgan yili bu imkoniyat 6–8-avgust kunlari yaratilgan edi.

 

My.gov.uz orqali ariza topshirganman. Nima bo‘ladi?

 

Ba’zi abituriyentlar arizani my.gov.uz platformasi orqali topshirganini ma’lum qilishgan. Ushbu holat bo‘yicha vazirlik matbuot xizmati bosh mutaxassisi Amirqulov Zafar Vohid o‘g‘li quyidagicha ma’lumot bergan:

 

“My.gov.uz — my.edu.uz bilan integratsiyalashgan. Agar siz my.gov.uz orqali arizani to‘g‘ri to‘ldirib, turdosh yo‘nalishni tanlab, hujjatlarni to‘liq yuklagan bo‘lsangiz — arizangiz my.edu.uz tizimida ham aks etadi.”

 

Qayta tahrirlash imkoniyati kimlarga taalluqli?

 

2023-yilda magistr.edu.uz orqali 1–30-iyul kunlari ariza topshirgan, biroq arizasi kamchiliklar sababli rad etilgan talabgorlarga 6–8-avgust kunlari arizani qayta tahrirlash imkoniyati yaratilgan edi.

 

Ammo, xorijiy til sertifikati talab darajasida bo‘lmagan abituriyentlarga bu imkoniyat tavsiya etilmagan va ularning tahrirlangan arizalari ko‘rib chiqilmagan.

 

Shu sababli, bu yil ham faqat rasmiy sabablarga ko‘ra rad etilgan, qolgan hujjatlari to‘liq bo‘lgan talabgorlargina tahrirlash imkoniyatidan foydalanishlari kutilmoqda.

 

Arizam mandat chiqmasdan oldin rad etilgan. Bu qonuniymi?

 

Ha, bu qonuniy. Magistratura uchun topshirilgan arizalar mandat e’lon qilinishidan oldin qabul qilinishi yoki rad etilishi mumkin. Agar arizangiz rad etilgan bo‘lsa, qayta tahrirlash imkoniyati ochilgach, uni to‘g‘rilab topshirishingiz mumkin.

 

Magistraturaga kira olmasam, qo’shimcha pul to‘lab o‘qiy olamanmi?

 

Agar talabgor magistraturaga kira olmasa, Qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasining tegishli bayoniga asosan qo‘shimcha qabul (ikkinchi bosqich) asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.

 

Bunda o’qish uchun qo’shimcha to’lov;

 

– talaba real xarajat miqdorida amalga oshiriladi,

 

– bu to‘lov faqat birinchi yilda olinadi,

 

– keyingi yillarda esa oddiy shartnoma (kontrakt) asosidagi to‘lov tartibi davom etadi

 

– to‘lov miqdori har bir OTM tomonidan belgilanadi.

 

Universitet arizamni qabul qilgan. Endi uni bekor qilib, boshqa OTMga topshira olamanmi?

 

Agar arizangiz oliy ta’lim muassasasi tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, siz uni rad qildira olmaysiz. Ariza qabul qilinganidan keyin boshqa OTMga hujjat topshirish imkoniyati mavjud emas.

 

Xulosa o‘rnida…

 

Agar arizangiz rad etilgan bo‘lsa;

 

– ariza topshirgan OTMning magistratura bo‘limiga murojaat qiling,


– qayta tahrirlash bosqichini kuting (avgust oyida bo‘lishi kutilmoqda),


– til sertifikati va boshqa hujjatlaringiz talabga javob berishiga ishonch hosil qiling,


–  turdosh yo‘nalishni to‘g‘ri aniqlash uchun shtirx koddan foydalaning.