Joriy yilning 1-iyul holatiga ko’ra, pensiya oluvchilar soni 4 202,5 ming nafarni tashkil etgan.
Shundan, yoshga doir pensiya – 3 477,9 ming nafar;
Nogironlik pensiyasi – 475,5 ming nafar;
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi – 249,1 nafar.
Bu jami aholining 11 foizini qamrab olgan.
Pensionerlar soni 2025-yil 1-iyul holatiga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 98,1 mingta (yoki 2,4 foizga) oshgan.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 1993-yil 3-sentyabrda qabul qilingan boʻlib, fuqarolar qariganda – yoshga doir, mehnat qobiliyatini toʻliq yoki qisman yoʻqotganda – nogironlik, hamda boquvchi vafot etganda – boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalari bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.
Yoshga doir pensiya olish uchun erkaklar 60 yoshga toʻlganida va ish staji kamida 25 yil boʻlgan taqdirda, ayollar 55 yoshga toʻlganida va ish staji kamida 20 yil boʻlgan taqdirda ega boʻladi.
Bunda, kamida 7 yil ish staji mavjud boʻlgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda toʻliqsiz yoshga doir pensiya tayinlanadi.
Nogironlik pensiyasi qonunchilikda belgilangan tartibda I va II guruh nogironligi belgilangan shaxslarga tayinlanadi. Bunda, nogironlik belgilangan faktda quyidagicha ish stajiga mavjudligi talab etiladi:
23 yoshgacha – 2 yil;
23 yoshdan 26 yoshgacha – 3 yil;
26 yoshdan 31 yoshgacha – 5 yil;
31 yoshdan 36 yoshgacha – 7 yil;
36 yoshdan 41 yoshgacha – 9 yil;
41 yoshdan 46 yoshgacha – 11 yil;
46 yoshdan 51 yoshgacha – 14 yil;
51 yoshdan 56 yoshgacha – 17 yil;
56 yosh va undan oshganda – 20 yil.
Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi vafot etgan boquvchining qaramogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzolariga tayinlanadi. Bunda, vafot etgan fuqaroning farzandlariga 18 yoshgacha (agar oʻqisa 23 yoshgacha) pensiya toʻlanadi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda jami 306 ooo ta pensiya yangi tayinlangandi.
Shundan, yoshga doir pensiya – 242,7 ming nafar;
Nogironlik pensiyasi – 44,5 ming nafar;
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi – 18,8 nafar.

