Boshqa hududlardagi ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan, ya’ni “qizil” toifaga kiruvchi maktablarda ishlashni xohlagan o‘qituvchi-pedagoglar uchun elektron platforma orqali ishlash imkoniyati yaratiladi.
Ular 15-maydan 25-iyulga qadar vakant soatlar ko‘rsatilgan maktablarni tanlab, to‘g‘ridan to‘g‘ri ushbu maktab direktoriga murojaat qilishlari mumkin.
Murojaat etuvchi o‘qituvchilardan quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
– mutaxassisligi va dars beradigan fanini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga yozilgan ariza;
– doimiy yashash manzili (hudud, tuman/shahar nomi), telefon raqamlari ko‘rsatilgan ma’lumotnoma – obektivka;
– birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega ekanligini tasdiqlovchi sertifikat nusxasi.
Taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish va nomzodlarni saralash maqsadida Ishchi guruh tashkil etiladi. Bu guruh tarkibiga maktab direktori, uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, kadrlar bo‘yicha menejer (inspektor), psixolog hamda maktab kasaba uyushmasi vakili kiritiladi.
Agar bir o‘rin uchun ikki yoki undan ortiq nomzod bo‘lsa, ular kasbiy bilim va ko‘nikmalar, pedagogik mahorat va psixologik qobiliyatlar bo‘yicha Ishchi guruh tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi. Saralash jarayoni onlayn tarzda ham tashkil etilishi mumkin.
Saralash natijalari asosida ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar har yili 5-avgustga qadar tanlab olingan o‘qituvchi-pedagoglar haqidagi ma’lumotlarni elektron platformaga kiritadi.
Bunday maktablarda ishlash istagida bo‘lgan o‘qituvchi-pedagoglar uchun qo‘yiladigan talablar:
– tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
– dars berayotgan fani bo‘yicha birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi;
– boshqa hududda kamida bir yillik pedagogik faoliyatga ega bo‘lishi;
– hozirda ishlayotgan maktab “qizil” ro‘yxatda bo‘lmasligi lozim.
