Oliy sud Trampga Taʼlim vazirligini yopishga ruxsat berdi

Oliy sud Trampga Taʼlim vazirligini yopishga ruxsat berdi

AQSH Oliy sudi Donald Tramp maʼmuriyatining Taʼlim vazirligini tugatish borasidagi harakatlariga qoʻyilgan taqiqni bekor qildi.

 

Bungacha Massachusets shtati federal sudyasi Tramp maʼmuriyatiga vazirlikni yopish boʻyicha keyingi qadamlarni qoʻyishni taqiqlagandi. Biroq endi Oliy sud bu taqiqni rad etdi.

 

ABC News nashrining yozishicha, ushbu qaror Tramp maʼmuriyatiga Taʼlim vazirligidagi ommaviy ishdan boʻshatishlarni davom ettirish imkonini beradi. Bu ishdan boʻshatishlar oqibatida vazirlik shtati deyarli yarmiga kamaygan.

 

Taʼlim vaziri Linda Makmaxon ushbu qarorni sharhlar ekan, idora xodimlari soni qisqartirilishini va “taʼlimni shtatlar ixtiyoriga qaytarish yoʻlidagi ish davom ettirilishini” aytgan.

 

“Bugun Oliy sud yana bir bor shuni tasdiqladiki, AQSH Prezidenti ijro hokimiyatining rahbari sifatida federal idoralarning shtat tarkibi, tashkiliy tuzilmasi va kundalik faoliyati yuzasidan qarorlar qabul qilishda eng yuqori vakolatlarga ega”, – dedi Makmaxon.

 

Shuningdek, u bu qarorni “gʻalaba” deb atab, Oliy sudning bunga aralashishga majbur boʻlgani “achinarli” ekani, chunki bu Trampga uni Prezidentlikka saylagan amerikaliklar oldidagi vaʼdalarini bajarishga imkon beruvchi islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilganini aytgan.

 

Biroq AQSH Milliy ota-onalar ittifoqi rahbari Keri Rodriges Oliy sud qarorini keskin tanqid qilgan.

 

“Oliy sud siyosatni Konstitutsiyadan ustun qoʻyib, millionlab amerikalik talabalarning kelajagini xavf ostiga qoʻydi. Bu qaror Prezident Trampning hech qanday Kongress roziligisiz AQSH Taʼlim vazirligini bekor qilishga urinayotgan sharmandali va noqonuniy harakatlariga yoʻl ochadi”, – deydi Rodriges.

 

Nashrga koʻra, Oliy sud qarori Trampning federal hukumatni isloh qilish yoʻlidagi navbatdagi yutugʻi hisoblanadi.

 

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning mart oyida Oq uy Trampning Taʼlim vazirligini yopish haqidagi farmonini imzolashga tayyorlayotganini eʼlon qilgan edi. Oʻsha paytda vazirlik shtati deyarli ikki barobar qisqargan. Bundan tashqari grantlar hamda kontraktlarni bekor qilish ustida ham ish olib borilayotgan edi.

 

Oq uy bayonotida esa bu farmon “ota-onalar, shtatlar va jamoalarga oʻquvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash va taʼlimni boshqarishni oʻz qoʻllariga olish imkonini beradi”, – deyilgandi.

 

Shuningdek, Tramp oʻzining 2024-yilgi saylovoldi kampaniyasi davridayoq Taʼlim vazirligini yopishga chaqirgan, uni «ortiqcha byurokratiya» deb atagan edi. Uning fikricha, bu vazirlikning funksiyalarini shtat darajasidagi departamentlar ham bajara oladi.

 

Biroq 2025-yil may oyida Massachusets federal sudi Tramp maʼmuriyatiga Taʼlim vazirligining 1300 dan ortiq xodimini lavozimiga qaytarish majburiyatini yuklagan. Sudda aytilishicha, bu qisqartirishlar oqibatida irq va nogironlik belgilariga koʻra kamsitilishga qarshi kurashuvchi 12 ta boshqarmaning 7 tasi yopilgan.

 

Shunga qaramay, Tramp maʼmuriyati sud qarorini darhol apellyatsiya qilish niyatida ekanini bildirgan.