Joriy yilning 7-iyul kuni “Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Mazkur qaror ta’lim infratuzilmasini tubdan yaxshilash, har bir hududdagi maktab va bog‘chalarda teng sharoitlar yaratish yo‘lida muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.
Ushbu qaror doirasida quyidagilar tasdiqlanishi ko‘zda tutilmoqda:
– maktabgacha ta’lim muassasalarini moddiy-texnik jihozlash talablari;
– umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini moddiy-texnik jihozlash talablari;
– maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini moddiy-texnik jihozlash talablari.
Qarorga ko‘ra, mazkur talablar:
– maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini (keyingi o‘rinlarda — ta’lim muassasalari) moddiy-texnik jihozlash bo‘yicha me’yorlarni ishlab chiqishda asos bo‘lib xizmat qiladi;
– nodavlat ta’lim muassasalari uchun esa tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi va ularda jihozlash ishlari litsenziya talablari hamda shartlari asosida olib boriladi.
Shu bilan birga, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-yil 1-dekabrgacha ushbu me’yorlarni tasdiqlovchi buyruqni qabul qilishi va uni tegishli vazirlik hamda idoralar bilan kelishishi belgilangan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yangi me’yorlar asosida ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich jihozlash choralarini ko‘radi.
Respublika ilmiy-metodik markaziga esa:
– xalqaro tajriba asosida moddiy-texnik jihozlardan foydalanish samaradorligini o‘rganib borish;
– ilg‘or ilmiy yutuqlar va zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar, ko‘rsatmalar va yo‘riqnomalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish tavsiya etiladi.
