Germaniya Taʼlim vaziri Karin Prin mamlakatdagi maktablarda migrant bolalar uchun aniq kvotalar joriy etishni koʻrib chiqishni taklif etdi.
“Deutsche Welle” (DW) nashriga koʻra, amaldor buni “ehtimoliy model” deb atagan va maksimal raqam qancha boʻlishini belgilashda boshqa mamlakatlar tajribasini oʻrganishni taklif qilgan. Masalan, “30 yoki 40 foiz”.
Shimoliy Reyn – Vestfaliyadagi boshlangʻich maktab direktorining aytishicha, uning maktabidagi oʻquvchilarning 80 foizdan ortigʻi migrant oilalardan. U Prinning taklifi amalda ishlamasligini taʼkidlagan.
“Bizda bu yerda shunchaki yetarli miqdorda nemis tilida soʻzlashuvchi yoki “nemis” deb atash mumkin boʻlgan odamlar yoʻq”, – deydi u DW jurnalisti bilan bo’lgan suhbatda.
Qayd etilishicha, taʼlim sifatiga katta eʼtibor qaratadigan koʻplab nemis oilalari bu kabi maktablardan qochadi, chunki migrant ildizlariga ega bolalar sonining koʻpligi ularning oʻz farzandlarining muvaffaqiyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishidan xavotir oladi. Oʻqituvchilar, ota-onalar, oʻquvchilar va mutaxassislar bir masalada yakdil, yaʼni Germaniya taʼlim tizimi islohotga muhtoj.
Xususan, direktor taʼlim tizimida farqlovchi (differensial) yondashuv yoʻqligidan noroziligini bildirgan.
“Hozircha oʻqishni oʻylashga qodir boʻlmagan, ruhiy jarohat olgan qochqin bolalar, oʻqishga kuchli motivatsiyaga ega boʻlgan qochqin bolalar va oilasi qashshoqlikdan qochgan qochqin bolalar – bularning har biri boshqa-boshqa hikoya”, – deya fikr bildirgan u.
Muhim! Avvalroq Rossiyada shu kabi holat va noroziliklar fonida migrant bolalarning maktablarga qabul qilinishi uchun rus tilidan imtihon topshirishi majburiy qilib qoʻyilgan edi. Bunda maʼlum darajada rus tilidan bilimga ega boʻlmagan migrant oilalarning farzandlari maktabga bora olmaydi.
