Qozog‘istonning Talg‘ar tumanidagi Besag‘ash qishlog‘idagi 45-maktab-gimnaziyasining 8-sinf o‘quvchisi Nurjol Satibaldi Kazakh-American university hamda Shveysariyadagi nufuzli oliygohlardan biridan ikki ta’lim grantini qo‘lga kiritdi.
Kazakh-American university ning hamkor-boshqaruvchisi Abilay Alatayev qisqa videoda filippinlik blogerni bir nechta qozoq so‘zlariga o‘rgatgan Nurjolga ikki ta’lim grantini tantanali ravishda taqdim etgan.
Maktabni tamomlagach, Nurjol istagiga ko‘ra Kazakh-American university yoki Shveysariyadagi oliy ta’lim muassasalaridan birida bepul ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nurjol Satibaldi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan filippinlik bloger bilan ingliz tilida suhbatlashgan videosi orqali yaxshi tanilgan. Bloger yosh yigitning ingliz tilini yaxshi bilishidan ta’sirlanib, videoni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan. Unda bloger “спасибо” so‘zini aytganida, Nurjol tabassum bilan to‘g‘rilab: “спасибо” rus tilida, qozoq tilida esa “raxmet” deyiladi”, — deya ta’kidlagan.
