Bugungi kasb bayrami bilan barcha jurnalistlarni tabriklayman — Prezident

Bugungi kasb bayrami bilan barcha jurnalistlarni tabriklayman — Prezident

Bugun, 27-iyun Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni ekanligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jurnalistlar, barcha ijodiy va texnik xodimlarni bugungi kasb bayrami bilan tabrikladi.

 

 

‘‘Qadrli ommaviy axborot vositalari xodimlari!

 

Mamlakatimiz jurnalistlari va ijodiy jamoalari tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olib, bu yil “Oltin qalam” milliy mukofoti birinchi marta 27-iyunda – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida topshirilmoqda.

 

Fursatdan foydalanib, bugun sizlarning ishtirokingizda tantanali ravishda taqdirlanadigan barcha tanlov gʻoliblarini va yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan soha xodimlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

 

Sizlarning har biringiz kelgusida oʻz tajriba va mahorat maktabingizni yaratib, milliy jurnalistikamiz ravnaqiga yanada katta hissa qoʻshasizlar, deb ishonaman.

 

Hech shubhasiz, ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatini qadrlash, ijodiy jamoalarni qoʻllab-quvvatlash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bundan buyon ham Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi.

 

Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, qalbimdagi eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

 

Doimo sogʻ-omon boʻling, masʼuliyatli va sharafli mehnatingizdan baraka toping, azizlar!’’

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti