Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimining magistrlik darajasi bekor qilindi

Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimining magistrlik darajasi bekor qilindi

Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi Kim Keon Xi magistrlik darajasi Sookmyung Women’s University tomonidan bekor qilingach, u ta’lim olgan Kookmin University ham uning doktorlik darajasini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

 

Joriy yilning 24-iyun kuni e’lon qilingan bayonotda Kookmin University sobiq birinchi xonim Kim Keon Xining ushbu universitetda olgan doktorlik darajasining haqiqiyligini tekshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rayotgani ma’lum qilindi.

 

Kim Keon Xi 2008-yilda Kookmin University ning muhandislik dizayni maktabida doktorlik darajasini olgan. Oldinroq, 1999-yilda esa Sookmyung Women’s University ning oliy ta’lim maktabidan magistrlik darajasini olgan.

 

Kim Keon Xi magistrlik darajasi Sookmyung universiteti tomonidan uning dissertatsiyasida plagiat aniqlangani sababli bekor qilingan. Shundan so‘ng Kookmin universiteti ham tegishli choralarni ko‘rishga kirishgan.

 

“Kim xonimning magistrlik darajasi bekor qilinganini hisobga olib, u doktorlik dasturida o‘qishni davom ettirish huquqiga ega ekanligini va unga doktorlik darajasi berilganligi qonuniy ekanligini baholash uchun zarur tekshiruvlarni o‘tkazmoqdamiz.” — dedi Kookmin universiteti vakili.

 

Janubiy Koreya Oliy ta’lim qonunlariga ko‘ra, doktorlik dasturida o‘qish uchun haqiqiy magistrlik darajasiga ega bo‘lish shart hisoblanadi. Kim Keon Xi magistrlik darajasining bekor qilinishi Kookmin universitetida uning doktorlik darajasini ham bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

 

Hozirda universitet tegishli hujjatlarni, jumladan Sookmyung universitetining magistrlik darajasini bekor qilgani haqidagi rasmiy tasdiqni hamda Kim xonimning boshqa hujjatlar va ishlariga kirish uchun roziligini yig‘moqda.

 

“Ushbu masalani muhandislik va texnologiyalar maktabining kengashiga rasmiy tarzda taqdim etamiz. So‘ngra Kookmin universitetining yuqori kengashiga yuborib, yakuniy qaror qabul qilamiz. Vaziyat jiddiyligini inobatga olib, jarayonni tez va aniq olib borishga barcha imkoniyatlarni ishga solamiz,” — dedi universitet vakili.