Pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun pul olgan mansabdor shaxslar ushlandi. Holatga Vazirlik o‘z izohini berdi

Pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish uchun pul olgan mansabdor shaxslar ushlandi. Holatga Vazirlik o‘z izohini berdi

Xabaringiz bor, bugun ijtimoiy tarmoqlarda pul evaziga o‘qituvchilardan davlat attestatsiyasidan o‘tkazishga uringan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani xabar qilingandi.

 

 

Holatga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.

 

‘‘Ma’lumki, 2024-yil yanvardan boshlab maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlari attestatsiyasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.

 

Malaka (test) sinovlarini (shuningdek, kasbiy sertifikatlash, menejerlik sertifikati sinovlarini ham) shaffof, adolatli, xolis o‘tkazish maqsadida har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn), FaceID – yuzni tanib olish orqali o‘tkaziladi.

 

Afsuski, ayrim pedagoglar tomonidan turli qing‘ir yo‘llar bilan toifa olishga urinish holatlari ham uchrab turibdi. O‘tgan malaka sinovlarida turli taqiqlangan vositalar, xususan aloqa vositalaridan foydalanish holati bo‘yicha 200 dan ortiq nomzodlar sinovlardan chetlashtirilgan’’, — deyiladi xabarda.

 

 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, joriy yildagi sinovlarda respublika bo‘yicha jami 79 nafar, shu jumladan 68 nafari aloqa qurilmalaridan foydalanganligi sababli jarayondan chetlashtirilgan.

 

 

Shuningdek, firibgarlik yo‘li bilan testdan o‘tkazib qo‘yishni va’da qilib, pedagoglar ishonchiga kirmoqda, ulardan pul olib jinoyatga qo‘l urish holatlari ham uchragan.

 

‘‘Ushbu holatlarni bartaraf etish, har qanday turdagi qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tegishli organlar, xususan Bosh Prokuratura bilan hamkorlikda ishlar olib bormoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha huquqiy baho berish uchun barcha ma’lumotlar tergov organlariga yetkazilmoqda.

 

 

Shu o‘rinda pedagoglarimizga yana bir bor eslatamiz: sinovlarda faqat o‘z bilimlaringizga tayaning, turli shaxslarning aldovlariga uchmang. Bu kabi holatlarga duch kelsangiz darhol vazirlikning Ishonch telefoni (71-202-09-09)ga murojaat qiling’’, — ta’kidlangan vazirlik munosabatida.