Xabaringiz bor, prezident farmoni bilan 2025/2026 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarining sirtqi ta’lim shakliga qabul tugatildi.
Unga ko‘ra, sirtqi ta’lim o‘rniga muqobil (kechki, masofaviy) shakllar uchun kvotalar oshiriladi. Kredit-modul tizimiga asoslangan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time education) joriy etiladi.
Shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ham sirtqi ta’lim shaklida qabul tugatildi. Buning uchun kunduzgi, masofaviy yoki kechki ta’lim shakllaridagi yo‘nalishlarda o‘qish mumkin.
Sirtqi ta’lim shaklidagi o‘zgarishlar keng muhokamalarga sabab bo‘lib, jamoatchilik, ayniqsa, bo‘lajak talabalar va ularning yaqinlarida turli savollarni keltirib chiqarmoqda.
Mazkur mavzu bo‘yicha yuzaga kelayotgan savollar va tushunmovchiliklar yuzasidan spot.uz orqali bir qator soha mutaxassislari o‘z munosabatini bildirdi.
Sirtqi ta’lim nima uchun kerak edi?
Sirtqi ta’lim — asosan ishlayotgan fuqarolar, katta yoshdagilar, ayollar va chekka hududda yashovchi kishilar uchun mo‘ljallangan, qulay va moslashuvchan shakl edi. 2018-yilda qayta joriy etilgan ushbu tizim qisqa fursatda katta auditoriyani o‘ziga tortgandi. Bugungi kunda sirtqida tahsil olayotgan talabalar soni 700 mingga yaqinlashgan.
Profi University asoschisi Bektosh Hatamov bu tizimni “xalqni ommaviy ravishda o‘qitish juda qiyin, sirtqi ta’lim shu vazifani qaysidir ma’noda bajarayotgandi” deb atagan. Unga ko‘ra, sirtqi ta’lim mamlakatda ish bilan bandlikni ta’minlash, ayniqsa, qishloqlarda o‘qituvchi yetishmovchiligining oldini olishda muhim vosita bo‘lib kelgan.
Yangi joriy etilayotgan maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim (part-time), masofaviy va kechki ta’lim shakllari sirtqining o‘rnini bosishga urinadi. Ammo bu shakllarning samaradorligi, infratuzilmasi, hududlararo tengligi va qulaylik darajasi hali jiddiy savollar ostida qolmoqda.
“Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida o‘qiydiganlarning ko‘pchiligi bog‘chada enaga vazifasida ishlab kelmoqda. Ulardan tarbiyachi lavozimiga o‘tishi uchun oliy ma’lumot talab qilinadi. Xo‘sh, endi uch yil umrini (maktabgacha ta’lim yo‘nalishi kunduzgi shaklda uch yil o‘qiladi) ertalabdan kechgacha universitetda o‘tkazib, tarbiyachi bo‘laman, degan nechta maktab bitiruvchisini topa olasiz? Chunki kunduzgi ta’limning 90%i maktab bitiruvchilari hisoblanadi, ya’ni ularda ish yo‘q. Boshqa yo‘nalishlarda ham shu holatni ko‘rish mumkin.” — degan Bektosh Hatamov.
Sirtqi ta’lim tugatilishi iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatdimi?
Iqtisodiyot fanlari doktori Barnogul Sanaqulovaning fikricha, sirtqi ta’limning to‘satdan bekor qilinishi iqtisodiy oqibatlarga ham olib keladi:
“Sirtqining tugatilishi qo‘shni davlatlar, shu jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondagi sirtqi ta’limni taklif qilayotgan universitetlarga katta miqdordagi o‘zbek yoshlari oqimining ketishiga olib keladi. Ya’ni bu orqali hukumat sirtqi ta’lim olishni mo‘ljallagan yoshlarni qo‘shimcha xarajat qilishga majbur qilish bilan birga, katta miqdordagi valyutani tashqariga chiqib ketishini ham ta’minlaydi. Chunki qo‘shni davlatlarda ham kontrakt pulini to‘lash va boshqa xarajatlar valyutada amalga oshiriladi”, — deb ta’kidlagan Barnogul Sanaqulova.
Bundan tashqari, sirtqi ta’lim xususiy oliygohlar uchun moliyaviy barqarorlik manbasi bo‘lgani va endi bu imkoniyat ham yo‘qqa chiqayotganligini bildirgan.
Ta’lim sifatiga oid dalillarning bor-yo‘qligi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Amrullo Karimov ta’lim sifatiga oid tanqidlarni ehtiyotkorlik bilan baholash lozimligini aytgan.
“Sirtqida sifatsiz kadrlar yetishib chiqayotgani, talabga javob bermasligi to‘g‘risida statistik ma’lumotlar bormi? Ijtimoiy o‘rganishlar, so‘rovnomalar o‘tkazilganmi? Afsuski, bu boradagi tadqiqotlarni hali eshitmadik, natijasi bilan tanishmadik. Butun dunyoda kadrlar sifati o‘rganishlar bilan belgilanadi.”
Xuddi shunday fikrni iqtisodchi Barnogul Sanaqulova ham ilgari surgan:
“Sirtqi ta’limni tugatishdan avval tahlillar o‘tkazilishi kerak edi. Bugun kimlar sirtqiga qiziqish bildirib, ta’lim olayotgani va kimlar dars berayotgani kabi qator savollarga so‘rovnomalar orqali javoblar olinishi zarur edi. Ammo sirtqi ta’limga oid biror tadqiqotni yaqin orada ko‘rganim yo‘q.”
Vazirlik pozitsiyasi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzovaning qayd etishicha, sirtqi ta’lim shaklida ta’lim olishning samaradorligi, akademik intizom, sifat nazorati, va bilimlar chuqurligi, yuqori ta’lim standartlariga rioya qilish bilan bog‘liq muammolar namoyon bo‘lgan.
Aynan shu sabablarga ko‘ra, 2025-yildan boshlab oliy ta’lim sifatini yanada oshirish, ta’lim jarayonida shogird-ustoz an’analarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarga asoslangan o‘qitish tizimini kuchaytirish maqsadida sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich tugatildi. Shu bilan birga, hozirda sirtqida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini belgilangan tartibda davom ettiradi. Ya’ni, ular tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha amaldagi davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq o‘qishni yakuniga yetkazish imkoniyatiga egalar.
Sirtqining tugatilishi orqali oliy ta’limda sifatni oshirish, zamonaviy talablarga mos bilim berish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘lida muhim qadam qo‘yilmoqda.


