2024/2025-o‘quv yilida O‘zbekiston bo‘ylab 71 ta akademik litseyni 12,5 ming nafardan ortiq o‘quvchi bitirib, ular orasida 2,3 ming nafardan ziyodi a’lo darajadagi diplomga ega bo‘ldi.
Aniqlanishicha, bitiruvchilarda jami 4 710 ta umumta’lim fanlari va 4 329 ta xorijiy til bo‘yicha bilim darajasini tasdiqlovchi sertifikatlar mavjud. Ayniqsa, 81 nafar akademik litsey bitiruvchisi OTMga kirish test sinovlari fanlar majmuasidagi 5 ta fandan sertifikatga ega bo‘lib, muddatidan oldin maksimal 189 ballni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, 266 nafar bitiruvchiga oltin, 171 nafariga kumush medal topshirilgan.
Bundan tashqari, 2 122 nafar bitiruvchi turli mahalliy va xorijiy OTMlarning talabasi bo‘lishga ulgurgan.
2023 yilda bu ko‘rsatkich 90 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilda 92 foizdan oshgan. 10 dan ortiq litseyda esa 99–100% bitiruvchilar talaba bo‘lishgan. 2025-yilda bu raqam 95 foizga yetishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 666-son qaroriga asosan 2024-yildan boshlab akademik litsey bitiruvchilariga yangi namunadagi QR-kod qo‘yilgan diplom berilmoqda. Shuningdek, iqtidorli bitiruvchilarga oltin va kumush medallar berish joriy etilgan.

