Rossiya oliy ta’lim muassasalari keyingi ikki yil ichida oliy ta’limning yangi modeliga oʻtadi. Bu haqda Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov ma’lum qildi.
«Biz 2026–2027 yillarda keng koʻlamli oʻtish jarayonini boshlashni rejalashtirmoqdamiz. Bugungi kunga kelib biz bu model haqida to‘liq tasavvurga egamiz… Bizning vazifamiz hozir normativ-huquqiy jihatdan katta ishlarni amalga oshirishdir. Chunki bu borada federal qonunchilik darajasida bir qator o‘zgarishlar kiritilishi, shuningdek, vazirlik va hukumat tomonidan ko‘plab yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi lozim», — dedi u RIA «Novosti» axborot agentligiga bergan intervyusida.
Ma’lum qilinishicha, 2023-yil may oyida ushbu yo‘nalishda pilot loyiha boshlangan bo‘lib, unda Rossiyaning 6 yetakchi oliygohi ishtirok etmoqda. Eksperiment doirasida talabalar bazaviy va ixtisoslashgan oliy ta’lim olishadi. Aspirantura esa mustaqil professional ta’lim turi sifatida shakllantirilgan bo‘lib, u ilmiy-pedagogik va ilmiy-tadqiqot kadrlari tayyorlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin oliy ta’lim islohoti bo‘yicha farmonni imzolagan edi. Professional ta’lim darajalarini o‘zgartirish bo‘yicha pilot loyiha ikki darajadagi oliy ta’limni nazarda tutadi: bazaviy oliy ta’lim va ixtisoslashgan oliy ta’lim. Professional ta’lim darajasi sifatida aspirantura belgilanadi. Ixtisoslashgan oliy ta’lim darajasida magistratura, ordinatura va assistentura-stajirovka dasturlari amalga oshiriladi.
Ikki yil avval Falkov 2025-yildan boshlab Rossiya oliy ta’lim tizimida “bakalavr” tushunchasi bo‘lmasligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat “oliy” va “ixtisoslashgan oliy” ta’lim darajalari bo‘ladi. Magistratura esa saqlab qolinadi. O‘sha paytda Tatariston Respublikasining fan va ta’lim vaziri Ilsur Xadiullin viloyatda oliy ta’limni qayta tashkil etish bo‘yicha ishlar hali boshlanmaganini aytgan edi.
Yil boshida Fan va oliy ta’lim vazirligi Rossiya universitetlari yangi oliy ta’lim tizimiga 2026-yil 1-sentabrdan boshlab o‘tishini bildirgan edi. Mavjud o‘quv dasturlari asosida o‘qiyotgan talabalar o‘zlarining tanlagan dasturlarini to‘liq tamomlash imkoniga ega bo‘lishadi.
