Muhokamalar portaliga Hukumatning “Yangiyer davlat muhandislik va agrotexnologiyalar institutini (keyingi oʻrinlarda – Institut) tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Unga ko’ra, 2025/2026-oʻquv yilidan boshlab Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligining Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali va Guliston davlat universitetining qishloq xoʻjaligi hamda muhandislik-texnika yoʻnalishlari va mutaxassisliklari negizida ‘‘Yangiyer davlat muhandislik va agrotexnologiyalar instituti’’ni joriy etish taklif etilmoqda.
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga Institut diplomi beriladi.
Institutda 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
– hududiy rivojlanish dasturlariga muvofiq ehtiyoj yuqori boʻlgan muhandislik, ishlab chiqarish, matematika, informatika, yashil energetika, sunʼiy intellekt, agrotexnologiya, axborot texnologiyalari va dasturlash kabi sohalar uchun kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;
– dars mashgʻulotlarini amaliyot bilan birga tashkil etish maqsadida tegishli yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim jarayoni dual taʼlim shaklida yoʻlga qoʻyilib, korxona va tashkilotlarda kafedra filiallari tashkil etiladi hamda taʼlim jarayoniga uzoq yillik mehnat tajribasiga ega amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi;
– yangi tashkil etilgan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha xorijiy davlatlar va respublikadagi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari bilan ikkita diplom berishga asoslangan qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi;
– alohida guruhlarda bakalavriat va magistratura bosqichlarida taʼlim jarayoni xorijiy tillarda tashkil etiladi hamda taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishga tayyorlanadi.
Shuningdek, institutning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilangan:
– muhandislik, qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida hamda hududning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojiga muvofiq oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;
– taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlarini joriy etish;
– ixtisoslik sohalari boʻyicha taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiyani kuchaytirish hamda taʼlim dasturlarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash;
– soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini va professor-oʻqituvchilarning stajirovkasini tashkil etish, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
– amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish;
– talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish;
– biriktirilgan texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, metodik qoʻllab quvvatlash, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish belgilangan.
Bundan tashqari, institutga 2 ta, shu jumladan, 1 ta xizmat va 1 ta navbatchi yengil avtotransport vositalarini saqlashga limit ajratiladi.
Institut faoliyati Davlat byudjeti mablagʻlari, talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.
