Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident , ijod , sport va ixtisoslashtirilgan maktablarga 2025/2026-o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli boshlandi.
Hujjatlar qabuli 20-iyunga qadar onlayn shaklda my.gov.uz hamda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshiriladi
Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga qanday hujjatlar talab etiladi?
Talabgorning:
– tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
– fotosurati (oxirgi 2 oyda olingan);
– ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning pasport ma’lumotlari va telefon raqamlari (doimiy ishlab turgan telefon raqamlari) aniq va bexato kiritilishi lozim.
Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga nechanchi sinfdan qabul qilinadi?
Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarining:
– aniq fanlar yoʻnalishi boʻyicha 5-sinfga;
– tabiiy fanlar yoʻnalishi boʻyicha 7-sinfga qabul qilinadi.
Prezident maktablariga qanday hujjatlar talab etiladi?
Talabgorning:
– tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
– fotosurati (oxirgi 2 oyda olingan);
– ota-onasi yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxsning pasport maʼlumotlari va telefon raqamlari (doimiy ishlab turgan telefon raqamlari) aniq va bexato kiritilishi lozim;
– baholar tabeli nusxasi (direktor tomonidan tasdiqlangan).
Eslatma! Talabgorning baholar tabelidagi matematika va tabiatshunoslik fanlaridan 4-sinfdagi yillik baholari «5» baho (aʼlo) boʻlishi lozim.
Prezident maktablariga nechanchi sinfdan qabul qilinadi?
Prezident maktablariga 4-sinfni tugatgan oʻquvchilar 5-sinfga qabul qilinadi.
Ijod maktablariga qanday hujjatlar talab etiladi?
Talabgorning:
– tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
– fotosurati (oxirgi 2 oyda olingan);
– ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning pasport ma’lumotlari va telefon raqamlari (doimiy ishlab turgan telefon raqamlari) aniq va bexato kiritilishi lozim.
Ijod maktablariga nechanchi sinflarga qabul qilinadi?
Ijod maktablariga 6-sinfni tugatgan oʻquvchilar 7-sinfga qabul qilinadi.
IJOD MAKTABLARI:
Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi
Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi
Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi
Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi
Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi
Ogahiy nomidagi ijod maktabi
Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi
Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi
Sport maktablariga nechanchi sinflarga qabul qilinadi?
– Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabiga 5-sinflar uchun hujjatlar qabuli amalga oshiriladi;
– Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktablariga 1-sinflar uchun hujjatlar qabuli amalga oshiriladi.
Sport maktablariga qanday hujjatlar talab etiladi?
Quyidagi hujjatlar talab etiladi:
– oʻquvchining oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati;
– oʻquvchining tugʻilganlik haqida guvohnomasi va ularning ota-onasi (qonuniy vakili) fuqarolik pasporti maʼlumotlari, bogʻlanish uchun telefon raqamlari;
– 086-U shakldagi tibbiy maʼlumotnoma;
– sport razryadi yoki unvonini tasdiqlovchi hujjatning hamda sport razryadi yoki unvoni tasdiqlanganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma nusxalari;
– O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan O‘zbekiston chempionati va kuboklarida oxirgi bir yil (qabul yili va undan oldingi yil) davomida g‘olib, sovrindor bo‘lganligini tasdiqlovchi diplom.
Maʼlumot oʻrnida, sport maktablariga oʻquvchilar ikki bosqich (kasbiy (ijodiy) imtihonlari va test sinovlari) asosida har bir sinfda oʻquvchilar soni 12 nafardan kam boʻlmagan hamda 24 nafardan oshmagan holda qabul qilinadi.
