“Milliy tibbiyot texnikumi” da kasbiy ta’lim berish va diplom taqdim qilish huquqi yoʻqligi ma’lum boʻldi

“Milliy tibbiyot texnikumi” da kasbiy ta’lim berish va diplom taqdim qilish huquqi yoʻqligi ma’lum boʻldi

Ikki oy avval “Sino tibbiyot bilim yurti” yoki “Milliy tibbiyot texnikumi” MCHJ nomi ostida faoliyat yuritayotgan muassasa litsenziyasiz tarzda abituriyentlarni o‘qishga qabul qilayotgani haqida jurnalistik surushtiruvni e’lon qilgan edik. Holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:

 

–  Sino tibbiyot texnikumi” MCHJ professional taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun 217206-sonli litsenziyaga ega bo‘lib, mazkur litsenziyaga asosan Fargʻona viloyati, Fargʻona shahri, Shodiyona MFY, Sohibqiron Temur koʻchasi, 245-uyda faoliyat yuritmoqda hamda “Milliy tibbiyot texnikumi” MCHJ da professional ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyasi mavjud emas.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Xorazm viloyati, Urganch shahri, Koʻhna qalʼa MFY, Tinchlik koʻchasi 29-uy manzilida faoliyat yuritayotgan tegishli litsenziyaga ega boʻlmagan “Milliy tibbiyot texnikumi” MCHJ kasbiy ta’lim berish va tahsil olgan o‘quvchilarga diplom taqdim etish huquqiga ega emas.

 

 

O’zi nima bo’lgan edi?

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Urganch shahrida nodavlat tibbiyot texnikumi litsenziya olmasdan faoliyat ko‘rsatgani haqida mahalliy bloger tayyorlagan video tarqaldi. Unda bloger “Sino tibbiyot bilim yurti” yoki “Milliy tibbiyot texnikumi” MCHJ nomi ostida faoliyat yuritayotgan muassasa litsenziyasiz tarzda abituriyentlarni o‘qishga qabul qilayotgani haqida fikr bildirgan.

 

Bloger keyingi videosida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullaridan javob xati olganini aytib, mazkur hujjatda litsenziyaga ega bo‘lmasdan targ‘ibot olib borgan ayrim muassasalar ogohlantirilgani qayd etilganini ma’lum qilgan.

 

Ushbu holatni o‘rganish maqsadida jurnalistik surushtiruv olib bordik. O’rganishlar davomida “Milliy tibbiyot texnikumi” MCHJ Urganch shahrida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash faoliyati uchun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan tasdiqnoma olgani, biroq 2025-yil 27-mart holatiga ko‘ra, tibbiyot texnikumi sifatida faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan litsenziyaga ega emasligi ma’lum bo‘lgan edi.

 

“Sino tibbiyot bilim yurti” nomi aynan qaysi muassasaga tegishli ekani bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q. Ushbu nomga o‘xshash texnikum Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritmoqda. Biroq bu texnikum litsenziyada ko‘rsatilgan manzil — Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritishga haqli.

 

Ammo holat yuzasidan texnikum rahbariyati bilan bog’langanimizda, ular Xorazmdagi muassasaning ushbu texnikumga aloqadorligi yuzasidan aniq ma’lumot yoki holatga izoh berishmagan edi.

 

 

Eslatma! Fuqarolar litsenziyaga ega nodavlat texnikumlar ro‘yxatini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy sayti yoki Adliya vazirligining sayti orqali tekshirib ko‘rishlari mumkin.