Xitoyda boshlang‘ich maktab o‘quvchilariga sun’iy intellekt (SI) asosidagi kontent yaratish vositalaridan mustaqil foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda China Daily nashri Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligining tegishli qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan yangi qo‘llanmaga tayanib xabar berdi.
Mazkur qo‘llanmaga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga generativ SI vositalaridan mustaqil foydalanish man etiladi.
O‘rta va ayniqsa yuqori sinflarda SI vositalaridan foydalanish imkoniyati kengayadi. 7-sinfdan boshlab o‘rta maktab o‘quvchilari sun’iy intellekt yordamida masalalarni hal qilib, neyrotarmoqlarning amaliy qo‘llanilishini o‘rganadi. Yuqori sinf o‘quvchilari esa SI’ning texnik ishlash tamoyillarini o‘rganishlari va o‘z modellarini yaratishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, barcha o‘quvchilarga quyidagilar qat’iyan taqiqlanadi:
– SI yordamida yaratilgan ishni o‘zlariniki deb ko‘rsatish;
– sun’iy intellektdan ko‘chirib yozish (plagiat) uchun foydalanish;
– kreativ topshiriqlarni SI’ga to‘liq topshirib, natijani tanqidiy baholamaslik.
O‘qituvchilar uchun ham cheklovlar joriy etiladi. Ya’ni, baho qo’yishda sun’iy intellektdan foydalanish va o‘quvchilarning maxfiy ma’lumotlarini qayta ishlash taqiqlanadi.
Qo‘llanmada, shuningdek, SI’dan foydalanish siyosatini va malumotlarni himoya qilish qoidalarini mahalliy ta’lim boshqarmalari ishlab chiqishi lozimligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, ular maktablar uchun maqbul SI vositalarining yangilanib turuvchi “oq ro‘yxatlari”ni tuzishlari kerak bo‘ladi.
Xitoy Ta’lim vazirligi maktablarda SI texnologiyalarini o‘rganish uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida ta’lim tizimiga investitsiyalar hajmi oshirilishini bildirgan. Bundan tashqari, o‘qituvchilar uchun SI bo‘yicha ko‘proq o‘quv dasturlari taklif etilishi, shuningdek, qishloq maktablari bilan shahardagi maktablar o‘rtasidagi texnologik va ta’limiy tafovutlarni kamaytirish choralari ko‘rilishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Xitoy Ta’lim vazirligi boshlang‘ich va o‘rta maktablarda sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘qitish dasturlarini joriy etishga chaqirgan edi. Bu tashabbus Xitoyning kelajakdagi innovatsion kadrlar talabini qondirish, o‘quvchilarning raqamli ko‘nikmalarini va muammolarni hal qilish salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan. Hatto kichik sinflardayoq o‘quvchilar SI haqida boshlang‘ich tasavvurga ega bo‘lishlari kerak.
Rossiyada esa SI texnologiyalari bilan ishlashni o‘quvchilarga o‘rgatish zarurligi haqida 2023-yilda e’lon qilingan edi. Yaqinda esa 5–9-sinflar uchun dastlabki o‘quv qo‘llanmalari tayyorlangani ma’lum bo‘ldi, biroq ular faqat darsdan tashqari mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan.
