Ruminiyada 2025-yilgi prezidentlik saylovlarida matematik va siyosatchi Nikushor Dan gʻalaba qozondi. U 6,1 milliondan ortiq (53,60 foiz) ovoz oldi. “Ruminlarni birlashtirish uchun alyans” partiyasidan uning raqibi Jorje Simeon esa 5,3 milliondan ortiq (46,40 foiz) ovoz toʻpladi.
Nikushor Dan 1969-yilda Targu Jiu shahrida tugʻilgan. Yoshligidan matematika sohasida isteʼdodli boʻlgan va 1987 hamda 1988-yillarda Xalqaro Matematika Olimpiadasida oltin medallarni qoʻlga kiritgan. Bu yutuqlari unga xalqaro miqyosda tanilish imkonini bergan.
U Parijdagi mashhur Ecole Normale Superior (ENS) universitetida tahsil olib, doktorlik darajasini olgan. Ilm-fan sohasidagi faoliyatidan soʻng Ruminiyaga qaytib, yoshlarni rivojlantirish va ilmga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish maqsadida Buxarestda “Școala Normală Superioară” (Oliy Normal Maktab)ni tashkil etgan.
Nikushor Dan siyosiy maydonga 2010-yillarda chiqdi. U shaharsozlik va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarida faol chiqishlar qildi. 2020-yilda Buxarest meri etib saylandi va poytaxt infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha qator islohotlarni amalga oshirdi.
2025-yilda esa prezidentlik uchun nomzodini qoʻyib, taʼlimga boʻlgan eʼtibori va mustaqil pozitsiyasi bilan keng jamoatchilikning ishonchini qozondi.
Nikushor Danning siyosiy dasturida taʼlim muhim oʻrin tutadi. U oʻquvchilarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos oliy taʼlim tizimini yaratish va isteʼdodli yoshlarni mamlakatda ushlab qolish uchun sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratadi.
