Bogʻcha bolalarini tanqidiy va kreativ fikrlashga oʻrgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi

Bogʻcha bolalarini tanqidiy va kreativ fikrlashga oʻrgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi

Bugun, 15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab taʼlimi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

 

Unda soʻnggi yetti yilda bogʻchalar bilan qamrov 700 mingdan 2,3 millionga yetkazilgani hamda respublika bo’ylab 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bogʻchalar faoliyat yuritayotgani ta’kidlangan.

 

“Qamrov oshdi, lekin sifat boʻyicha qiladigan ishlarimiz koʻp. Bogʻchalar nafaqat tarbiya, balki bolada taʼlim olish uchun ilk koʻnikmalarni shakllantiradigan maskanga aylanishi kerak”, – dedi Prezident.

 

Olti yoshli bolalar maktabga tayyorlov guruhlariga deyarli toʻliq qamrab olingan. Keyingi yil bu raqam 100 foizga chiqishi kutilmoqda.

 

Endilikda joriy yildan ilgʻor xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlangʻich taʼlim oʻquv dasturlarini oʻzaro uygʻunlashtirish zarurligi taʼkidlangan.

 

Bunda Singapurning nufuzli tashkiloti bilan bogʻcha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yoʻnalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga oʻrgatadigan dasturlar ishlab chiqilishi ko’zda tutilgan.

 

Davlat va xususiy bogʻcha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etilishi belgilangan.