«El-yurt umidi» jamg‘armasi ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan stipendiatlar yetakchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy muassasalar va yirik kompaniyalarida stajirovka o‘tashiga ruxsat beriladi.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijiy nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlarining bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish uchun eng munosib nomzodlarni saralash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi» stipendiyasi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi» ochiq stipendiyasi g‘oliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat o‘tkazish orqali aniqlanadi.
2025-yil 1-iyuldan boshlab «El-yurt umidi» jamg‘armasi ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan stipendiatlar O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ustuvor sohalar bo‘yicha yetakchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy muassasalar va yirik kompaniyalarida stajirovka o‘tashiga yoki amaliy faoliyat bilan shug‘ullanishiga ruxsat beriladi.
Maqsadli stajirovkani o‘tagan mutaxassislar va o‘qishni yakunlagan stipendiatlarning qaytganidan so‘ng, xorijda olgan ilg‘or nazariy bilim va tajribalarini amaliyotga joriy etishi hamda xizmat bo‘yicha o‘sishiga zarur sharoitlar yaratib borishga tegishli vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari va boshqa ish beruvchi tashkilotlar rahbarlari mas’ul hisoblanadi.
Bunda mazkur jarayonlar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan muvofiqlashtiriladi va monitoring qilib boriladi.
