Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi maktablardan birining direktori o’qituvchini o’quvchilari «Katyusha» va «Smuglyanka» qo’shiqlarini kuylamoqchi bo’lganligi uchun ishdan bo’shatgani va maktabda “Xotira va qadrlash kuni” tadbirlari o’tkazilmagani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumot berdi. Ma’lum qilinishicha, Chilonzordagi maktablardan birida boshlang’ich ta’lim fani o’qituvchisi 2025-yil 8-may kuni o’zi rahbarlik qilayotgan 4-“G” sinf o’quvchilari bilan maktab ma’muriyatini ogohlantirmasdan, shuningdek, dars jadvalida belgilangan matematika fani darsini o’tmasdan o’zboshimchalik bilan “Xotira va qadrlash kuni”ni nishonlashga uringan.
Bundan xabar topgan maktab ma’muriyati o’qituvchini dars vaqtida bunday tadbir o’tkazishi mumkin emasligi haqida yana bir bor ogohlantirgan. Bu kabi tadbirlar darsdan keyin o’tkazilishi zarurligini, agar o’zboshimchalik qiladigan bo’lsa, o’qituvchi ishdan bo’shash uchun ariza yozishi lozimligini bildirgan.
Bundan tashqari, mazkur ta’lim muassasasida «Xotira va qadrlash kuni» munosabati bilan 2025-yil 7-may kuni o’quvchilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazilgani ma’lum qilingan.
