“Kambagʻal oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2025-yil 15-maydan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi boʻlgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab koʻrsatiladi.
“Qizil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:
– aʼzolarining kamida 1 nafari sogʻligʻining holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlmagan;
– parvarishga muhtoj aʼzosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi boʻlgan;
– oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi yoki yolgʻiz keksa yoxud yolgʻiz nogironligi boʻlgan shaxsdan iborat boʻlgan;
– boquvchisini yoʻqotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan oila;
“Sariq” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan hamda aʼzolari sogʻligʻi holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan oilalar kiritiladi.
“Yashil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:
– oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan boʻlsa;
– oilaning Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori boʻlsa.
