Qiz otasining xotirasi uchun oʻzi oʻqigan maktabda stipendiya joriy qildi

Qiz otasining xotirasi uchun oʻzi oʻqigan maktabda stipendiya joriy qildi

«Oilamizdan stipendiya: “Koʻmak”», – deb yozmoqda Inobat Ahatova o’zining X tarmog’idagi sahifasida.

 

Inobat Ahatova oʻzi oʻqigan maktabda oʻquvchilar uchun stipendiya joriy qildi. Ushbu stipendiya 2 yoʻnalishda beriladi.

 

–  birinchisi, fanlardan eng yaxshi oʻqigan oʻquvchilar orasidan tanlanadi, gʻolib har oyda har xil fanlardan maxsus imtihon asosida tanlanadi.

–  ikkinchi yoʻnalish, ehtiyojmand, kam taʼminlangan, oilaviy sharoiti ogʻir oʻquvchilarning har oylik qoʻshimcha darslari puli toʻlab beriladi.

 

Qiz otasining xotirasi uchun oʻzi oʻqigan maktabda stipendiya joriy qildi

Bugun birinchi stipendiya 1-yoʻnalish boʻyicha 6 nafar, 2-yoʻnalishda 5 oʻquvchiga, jami 11 nafar oʻquvchiga berilgan.

 

«Dadam xotirasi uchun qilgan stipendiyamizni “Koʻmak” deb nomladim. Bilasizlar, bu jadidlar asos solgan, turkistonlik yoshlarning xorijda ilgʻor bilimlarni oʻqib kelishi uchun tashkil etilgan jamgʻarma nomi.

Stipendiyani yil boshidan boshlamoqchi edim, lekin 1-2 oy sal yigʻinib, hech qursa 6 oy, 1 yillik xarajatlarni kafolatlagandimdan keyin boshlash yanada toʻgʻri deb oʻyladim. Chunki moliyalashtirishga faqat oʻz mablagʻlarimdan sarflashni reja qilganman. Kelasi yil sentyabrni kutishga esa sabrim chidamadi. Erinmasdan maxsus logo qildirdim, muhr yasatdim, sertifikatlar chiqardim, pullarni konvertlarga taxladim. Anchadan beri bunaqa hayajonlanmagandim.

Bugun maktab jamoasi, oʻqituvchilar bu yangilikni oʻquvchilar, ota-onalar qanday qiziqish bilan kutib olgani, kelasi oydagi imtihon uchun tayyorgarliklar esa allaqachon boshlangani, hozirdanoq uyimizga rahmat aytib kelmoqchi boʻlganlar soni oshayotgani, dadam haqqiga qilingan duolarni koʻrib yuragim boshqacha boʻldi. Ishonaman, agar butun umrini farzandlarini oʻqitish, oyoqqa qoʻyishga sarflagan dadam tirik boʻlganida bu ishimni qoʻllab-quvvatlardi. Dadamning nomi har doim yaxshi ishlar bilan bogʻlanishini istayman.

Men doim taʼlim homiysi boʻlgan boy odamlarga havas qilganman. Hayotimizdagi oxirgi voqealar, ayriliqlar hayotiy qarashlarimga anchayin taʼsir qildi. Yaxshilik qilish uchun vaziyat, homiylik qilish uchun boy boʻlishni kutish kerak emas ekan. Hozir imkoningiz boricha yordam, yaxshiliklar qilavering, erta qanday boʻlishini bilmaysiz.

Bu kichik tashabbus menga taʼlim bergan maktab, hayotda taʼlim olishimda yordamini ayamagan yaxshi insonlarga hurmat belgisi, ular oldidagi burch», – deydi stipendiya tashkilotchisi Inobat Ahatova.

Qiz otasining xotirasi uchun oʻzi oʻqigan maktabda stipendiya joriy qildi