Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 8-apreldagi «Kasb-hunarga o‘qitish joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun kasbiy ta’lim fanidan yakuniy imtihonni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida»gi 117-sonli buyrug’i qabul qilindi.
Mazkur buyruqqa asosan:
– kasbiy ta’lim fanidan yakuniy imtihon tashkil etiladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
– umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yakuniy imtihon olinadigan kasb-hunarlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;
– kasb-hunar turlari bo‘yicha yakuniy imtihon o‘tkazish tartibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlangan.
2023-2024-o‘quv yilidan kasb-hunarga o‘qitish joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2024-2025-o‘quv yilida 11-sinflar uchun kasbiy ta’lim fanidan yakuniy imtihon joriy yilning 17-20-iyun kunlari amaliy imtihon shaklida o‘tkaziladi.
Yakuniy imtihon davomida o‘quvchilarni baholashda ularning o‘rgangan kasb-hunari bo‘yicha egallagan bilimi va kompetensiyasi baholanadi hamda imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga elektron sertifikat beriladi.
