Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb etib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab quriladi

Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb etib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni maktab ta’limi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim tizimi islohotlari ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

 

 

Ta’lim sifatini aniqlashda ham xalqaro uslublar joriy etilmoqda. Bu yil 233 ta maktabdagi 9 ming nafar 15 yoshli o‘quvchining bilimi “PISA” xalqaro dasturi orqali baholanishi taqdimot qilindi.

 

 

Taqdimotda ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda 2 mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti. Bu yil byudjet hisobidan 112 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil etiladi. Aholi o‘sishi hisobiga, maktablarga ehtiyoj ham ortib borayotganligi uchun Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb etib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilgan.

 

 

Tahlillarga ko‘ra, maktab yoshidagi bolalarning 80 foizi internet va ijtimoiy tarmoqlarda faol. Ularni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilmoqda. Lekin, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratayotgan ijodkorlar sanoqli.

 

 

Shulardan kelib chiqib, bolalarga xavfsiz axborot muhitini yaratish, milliy kontentlarni ko‘paytirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.