Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda bir qator mansabdor shaxslar pora olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Unda Toshkent shahridagi tumanlardan birining Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i umumiy o‘rta ta’lim maktabida tarix fanidan saboq berayotgan o‘qituvchini boshqa bir maktabga direktor lavozimiga tayinlash evaziga o‘z xizmat xonasida 3 ming AQSH dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Yangiyo‘l” TIF bojxona posti inspektori xizmat vakolatini suiiste’mol qilib, Qozog‘istondan bug‘doy olib kirayotgan MCHJ ga tegishli yuk vagonlarini hech qanday muammosiz rasmiylashtirib berish evaziga uchinchi shaxs orqali 2700 AQSH dollari olgan vaqtda ushlangan.
Shuningdek, Samarqand viloyati Jomboy tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i esa fuqaroning yashash xonadonida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi ochishiga ko‘maklashish, yong‘in xavfsizligi xulosasini taqdim etish va kelgusida rahnamolik qilish evaziga 200 AQSH dollari olgan vaqtda ushlangan.
Bundan tashqari, Samarqand viloyati Paxtachi tumani Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i tumandagi MCHJga karyer faoliyatini yuritish uchun ekologik xulosa berish, “Nakvoysoy” hududidan tosh-shag‘al qazib olishga ruxsat berish va faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan barcha mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
