Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi Axborot xizmati rahbari Joʻrabek Jangirovning maʼlum qilishicha, “Ixtirochilikka qadam” tanlovining respublika bosqichi may oyining 3-oʻn kunligida oʻtkaziladi.
Tanlov Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, jumladan, Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablari, davlat va nodavlat umumtaʼlim maktablarining 5–11 sinf oʻquvchilari oʻrtasida iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni oʻzlari qiziqqan sohalarga yoʻnaltirish, ilmiy-texnik ijodkorligi va ixtirochiligini ragʻbatlantirish, innovatsion faolligini oshirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkaziladi.
Tanlov har yili maktab oʻquvchilari oʻrtasida taʼlim, axborot texnologiyalari, yashil energiya, ekologiya, iqlim oʻzgarishi, qishloq xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda toʻrt bosqichda oʻtkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish istagida boʻlgan oʻquvchilar ixtirochi.piima.uz maxsus onlayn platformasidan roʻyxatdan oʻtishlari talab etiladi. Ishtirokchilar individual yoki jamoa sifatida ishtirok etishlari mumkin. Bunda, jamoa aʼzolarining soni 3 nafardan oshmasligi lozim.
2024/2025-oʻquv yilida “Ixtirochilikka qadam” tanlovida ishtirok etish uchun umumiy oʻrta taʼlim muassasalaridan jami 8 319 ta loyiha ishi ixtirochi.piima.uz saytidan roʻyxatdan oʻtkazildi.
Tanlovning uchinchi (hududiy) bosqichida jami 693 ta loyiha ishi ishtirok etdi. Tanlovning hududiy bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, respublika bosqichiga yoʻllanma olgan oʻquvchilar roʻyxati ixtirochi.piima.uz saytiga joylashtirildi.
